Jahon | 15:24 / 29.05.2023
8672
3 daqiqa o‘qiladi

Putin saylovlarni harbiy holat sharoitida o‘tkazish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi

Putin harbiy holat joriy qilingan hududlarda saylov o‘tkazishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi. Ushbu tuzatishlar sentabr oyida «DXR», «LXR», Xerson va Zaporijjya viloyatlarida parlament saylovlarini o‘tkazish imkonini beradi. Saylov o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror MSK tomonidan Mudofaa vazirligi va «FSB» bilan maslahatlashuvlardan so‘ng qabul qilinadi.

Foto: TASS

Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiy holat amal qilayotgan hududlarda saylov o‘tkazishga ruxsat beruvchi qonunni imzoladi, tegishli hujjat huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi.

«Harbiy holat to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasi 4-bandiga o‘zgartirishlar kiritildi. Unda aytilishicha, harbiy holat joriy etilgan hududlarda yoki ularning qismlarida saylovlar va referendumlar Mudofaa vazirligi va «FSB» bilan maslahatlashganidan so‘ng Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan o‘tkaziladi. May oyi o‘rtalarida Davlat dumasining Davlat qurilishi va qonunchilik qo‘mitasi harbiy holat sharoitida saylovlarni o‘tkazish tartibini belgilovchi tuzatishlarni qabul qildi. Ularga ko‘ra, harbiy holat amal qilayotgan hududning oliy mansabdor shaxsi MSKga saylov o‘tkazish bo‘yicha taklifni ovoz berish kuniga kamida 130 kun va 90 kundan kechiktirmay yuborishi mumkin.

O‘zgartirishlar mualliflaridan biri bo‘lgan Davlat qurilishi va qonunchilik qo‘mitasi raisi Pavel Krasheninnikovning ta’kidlashicha, o‘zgartirishlar «DXR», «LXR», Xerson va Zaporijjya viloyatlarida saylovlar vaqtida qonun hujjatlarini uyg‘unlashtirish uchun zarur. Bu hududlar Ukrainadagi «maxsus operatsiya» davomida Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tdi. Bu hududlarda 2022 yil sentabr oyida o‘tkazilgan referendumlardan so‘ng Vladimir Putin ularni Rossiya tarkibiga kiritish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzoladi.

«DXR», «LXR», Xerson va Zaporijjya viloyatlarida harbiy holat Putinning 2022 yil 19 oktyabrdagi farmoni bilan joriy qilingan. Ularni Rossiyaga qabul qilish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunlarda ko‘rsatilishicha, ushbu hududlarda qonunchilik saylovlari 2023 yil sentabr oyining ikkinchi yakshanbasida o‘tkazilishi kerak. Shu bilan birga, «Harbiy holat to‘g‘risida»gi qonunning 7-moddasida harbiy holat joriy etilgan hududlarda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga hamda mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar o‘tkazilmasligi qayd etilgan. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid