Polsha Forbes ro‘yxatidagi ikki milliarderga qarshi sanksiyalar kiritdi
Polsha «Texnonikol» kompaniyasining egalari, milliarderlar Sergey Kolesnikov va Igor Ribakovga qarshi sanksiyalar joriy qildi. Ularning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishini Polsha rasmiylari Ukrainadagi «maxsus operatsiya» bilan izohladi. Ikkala biznesmen ham Forbes ro‘yxatiga kiritilgan, har birining boyligi 1,4 milliard dollarga baholangan. Polsha, shuningdek, Belarusning 365 fuqarosiga, jumladan, 159 deputatga qarshi ham sanksiya kiritdi.
Polsha Ichki ishlar vazirligi rossiyalik ishbilarmonlar Sergey Kolesnikov (Forbes reytingida 81-o‘rin, boyligi - 1,4 milliard dollar) va Igor Ribakov (Forbes reytingida 84-o‘rin, boyligi - 1,4 milliard dollar), shuningdek, «Texnonikol» kompaniyasining Polsha tuzilmalariga nisbatan sanksiyalar qo‘llangani haqida e’lon qildi. Shuningdek, Rossiya kapitali bilan aloqador yana 14 nafar fuqaroga nisbatan sanksiyalar joriy etildi, ulardan 13 nafari Rossiya fuqarosi, bir nafari Belarus fuqarosi. Yana 20 ta tashkilot (ulardan 19 tasi Rossiya bilan, bittasi Belarus bilan aloqador) va 365 Belarus fuqarosi sanksiyalar ostida qoldi.
Ribakov va Kolesnikovni sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shish to‘g‘risidagi qarorlarda ular «iqtisodning asosiy tarmoqlarida, xususan, neftni qayta ishlash bilan bog‘liq sohalarda» faoliyat yuritishi aytilgan. Polsha Tashqi ishlar vazirligi fikricha, bu Rossiya rasmiylari uchun muhim daromad manbai. Sanksiyalar Polshada Ribakov, Kolesnikov va Boerner Service, Boerner Insulation, Boerner Synthetics Membranes (sobiq Tekhnonikol, Tekhnonikol-Insulation va Tekhnonikol-PVC Membranes) kompaniyalarining aktivlari muzlatib qo‘yilishi va ularning davlat xaridlarida ishtiroki taqiqlanishini nazarda tutadi. Ishbilarmonlar Polshada bo‘lishi istalmagan xorijliklar ro‘yxatiga ham kiritiladi.
Forbes «Texnonikol» kompaniyasi matbuot xizmatiga va Ribakovning vakiliga so‘rov yubordi.
Belarusning 365 fuqarosiga nisbatan sanksiyalarga Polshaning Polonia jamoat telekanali jurnalisti Anjyey Pochobutga chiqarilgan hukm sabab bo‘ldi, deb xabar berdi Polsha Ichki ishlar vazirligi. Belarusda u mamlakat milliy xavfsizligiga zarar yetkazish va nafrat uyg‘otishda aybdor deb topilib, sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Rzeczpospolita 2022 yilda Pochobutning Qizil Armiya G‘arbiy Belarus hududiga kirgan 1939 yil 17 sentabr voqealari haqidagi so‘zlari ishni qo‘zg‘atishga sabab bo‘lganini yozgan. Gazeta aniqlik kiritishicha, ish uning Gazeta Wyborcza gazetasida 2020 yil 10 avgustga o‘tar kechasi Belarusda namoyishlar bostirilgani haqida yozgan xabari bilan bog‘liq.
Mavzuga oid
23:20 / 13.11.2024
Polshada AQShning raketaga qarshi mudofaa bazasi ochildi
18:09 / 12.11.2024
Polsha Bosh shtabi boshlig‘i Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi
13:14 / 09.11.2024
Polsha: RF maxsus xizmatlari AQShga reyslarda portlashlar tayyorlagan bo‘lishi mumkin
23:43 / 05.11.2024