O‘zbekiston | 22:13 / 31.05.2023
19587
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentni «xalq shahri»ga aylantiramiz - Shavkat Umurzoqov 

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi shaharda keng miqyosda ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish ishlari olib borilishiga va’da berdi. 

Foto: Gazeta.uz

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov kelgusida amalga oshiriladigan rejalarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, shahardagi har bir mahallada yashil hududlar barpo etiladi. «Toshkentga «xalq shahri», «xalq hordiq chiqaradigan shahar» nomini olib berish siyosatini yuritamiz», dedi u. 

Shavkat Umurzoqov bu so‘zlarni 27 may kuni Toshkent shahridagi Ekopark hududida o‘tkazilgan «Piknik madaniyati» aksiyasida aytgan.  

«Muhtaram prezidentimiz kuni kecha Chilonzorga borganida ham aytdiki, Toshkent shahrida 132 kilometr suv bo‘ylari bor. Shundan 40 kilometrida obodonlashtirish ishlari olib borilgan. Qolgan va qo‘shimcha 100 kilometrni ham obod qilish va daraxt ekish, xalq uchun manzarali va hordig‘ini bemalol chiqarishi uchun sharoit yaratish [topshirig‘ini berdi]. Shu bilan birga nafaqat suv bo‘ylari, balki har bir mahallaning o‘z bog‘i, bolalar va sport maydonchalari bo‘lishini ham ta’kidladi. Buning uchun barcha sharoitlarni yaratib beryapti», dedi Umurzoqov. 

Uning qayd etishicha, yaqin kunlarda har bir mahallada yashil hududlar barpo etiladi, suv bo‘ylarida qarovsiz qolib ketgan joylarni ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib boriladi. 

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

«Bugungi kunda hurmatli prezidentimizning ham shahar hokimligiga bergan topshirig‘i va siyosati shuki, shaharda ko‘kalamzorlashtirish ishlarini qattiq olib borish, xalq uchun hordiq chiqaradigan shahar nomini olib berish. Hozirda kuniga 6 million odam shahar yo‘llaridan foydalanayotgan bo‘lsa, shundan 4 millioni jamoat transporti yoki velosipedda, piyoda yuradi. Asosiy e’tiborni ularga qaratgan holda yo‘llar chetida ham obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish topshirig‘i berildi. Toshkent shahriga «xalq shahri», «xalqqa xizmat qiladigan shahar», «xalq hordiq chiqaradigan shahar» nomini olib berish siyosatini olib boramiz», dedi Shavkat Umurzoqov. 

Mavzuga oid