Jahon | 09:33 / 01.06.2023
8426
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Ukrainaga yana 300 ta Vector razvedkachi dronlarni yetkazib beradi

Ukraina Mudofaa vazirligi avvalroq Germaniyaning Quantum Systems kompaniyasiga jami 138 ta Vector razvedkachi uchuvchisiz uchoq uchun buyurtma bergan edi. Berlin tomonidan moliyalashtirilgan yangi yetkazib berish 300 ta dronga tegishli bo‘ladi.

Vector razvedkachi droni

Myunxenda joylashgan Quantum Systems ikki maqsadli razvedka dronlari ishlab chiqaruvchisi Ukraina Qurolli kuchlari uchun qo‘shimcha 300 dona o‘rta masofaga uchuvchi Vector razvedkachi uchuvchisiz uchoqlarga buyurtma oldi. Kompaniyaning 31 may, chorshanba kuni chop etilgan press-relizida aytilishicha, yetkazib berish Germaniya hukumati tomonidan Kiyevga harbiy yordam paketi doirasida moliyalashtiriladi.

Bu - Quantum Systems Ukraina Mudofaa vazirligidan eng yangi dronlarga olgan uchinchi buyurtma: 2022 yil avgustida nemis kompaniyasidan 33 ta Vector tizimi, 2023 yil yanvarida yana 105 tasi buyurtma qilingan.

Vertikal uchuvchi elektr dron Vector'ning uzunligi 1,63 metr, qanotlari kengligi 2,80 metrni tashkil qiladi. U havoda 120-180 daqiqagacha turishi, soatiga 72 km tezlikka chiqishi va 30 kilometrgacha bo‘lgan masofada video-kuzatuv va suratga olish ishlarini olib borishi mumkin, bu ko‘plab artilleriya qismlarining otish masofasiga to‘g‘ri keladi. 

Xavfsiz ma’lumotlarni uzatish kanallari tufayli Vector jangovar missiyalar vaqtida videoni yerosti stansiyalariga real vaqt rejimida translatsiya qila oladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid