Jamiyat | 09:05 / 01.06.2023
22896
4 daqiqa o‘qiladi

 “Mehnat qilgan qishloqda ham kam bo‘lmaydi” - pandigonlik dehqon

Abdullajon Yodgorov Farg‘onaning Rishton tumani Dasht Pandigon qishlog‘ida yashaydi. U dehqonchilik, chorvachilik hamda haydovchilik qilib ro‘zg‘or tebratadi. Har yili ipak qurti parvarishlab pilla yetishtiradi.

“Asosiy kasbim haydovchi. Yengil va yuk mashinalarini boshqaraman. Dehqonchilik bilan ham shug‘ullanaman. 51 yoshdaman. 2 o‘g‘il, 3 qizning otasiman. Ikki o‘g‘ilni uylab joyladim.

Abdullajon Yodgorov

10 yildan beri har bahor ipak qurti boqaman. O‘ziga xos mashaqqatli ish, lekin daromadi yaxshi. Qurt boqqanim uchun fermerdan vaqtincha foydalanishga yer va qoramollarga somon olaman. 30 kun astoydil mehnat qilib qurt parvarishlaymiz.

Ipak qurti boqib o‘rtacha 10 mln so‘m daromad topaman. O‘tgan yili ham davlatga 100 kg pilla topshirganmiz. Bu yil o‘tgan yilgidan ham ortiqroq pilla topshirmoqchimiz. Pilla yig‘ib kam bo‘lganimiz yo‘q. Ipak qurti boqqanim uchun mehnat staji ham ketyapti.

Tong sahardan Damas’ga pritsepini ulab olib dalaga tut novdasi kesishga jo‘naymiz.

To nonushta vaqtigacha novdalarni butab qurtlarga beramiz. Tushlik paytida ham bir mahal barg tashlaymiz. Kechki payt bo‘ldi deguncha yana dalaga borib tut kesamiz. 15 kun qattiq mehnat bo‘ladi. Bu paytda kira qilishga chiqmayman. Qurtni eson-omon topshirib bo‘lganimizdan keyingina taksichilikni yana boshlayman.

Qurt boqish bir kishining ishi emas. Oilaviy mehnat ortidan daromadga erishiladi. Har mavsumda hovlimizda 600-700 bog‘ tut novdasi yig‘iladi. O‘tgan yilgi boqilgan qurtdan qolgan tut novdalarini g‘aram qilib qo‘yganmiz. Tandirga ishlatib ehtiyojdan ortganini sotamiz. O‘tgan yili bog‘ini 4 000 so‘mdan sotganmiz.

Yoshlikdan ipak qurti boqib bu ishga mehrimiz tushib qolgan.  Ertalab tong saharlab uyg‘onib ishga kirishasiz. Hammadan kech uyquga ketasiz. Pillaga bostirganingizdan keyin ish sur’ati biroz pasayadi.

Avvallari har bir xonadonda ipak qurti boqilgan. Endilikda butun boshli qishlog‘imizda 5-6 oila boqyapti xolos”.

Abdullajon aka hovlisidagi bir qarich yerni ham bo‘sh qo‘ymagan. Issiqxonaga bodring, pomidor ekkan. Uzum parvarishi esa uning sevimli mashg‘uloti.

“Bodring uchun issiqxona qurganman. Uzum parvarishini yoqtiraman. Fevral oyida issiqxonaga bodring urug‘i qadagan edim. Har ikki kunda Oltiariq ulgurji bozoriga borib 700 ming so‘mlik bodring sotib kelaman.

Bodring tagiga bir yarim ming tup pomidor ekkanman. Qishloqda ham mehnat qilayotgan odam kam bo‘lgani yo‘q. Har kunlik daromadim bor. Kira qilaman, bodring sotaman, payti kelganda uzum va pomidor sotaman. Kelinbarmoq navli uzum ekkanman. Har yili yaxshigina narxga sotamiz.

Qishloq sharoitida bozordan hech narsa sotib olmaymiz. Kartoshka, sabzi, piyoz, pomidor barchasi hovlimizdan chiqadi.

Bozordan faqat go‘sht va yog‘ olishimiz mumkin. Sentyabr oyida issiqxonaga ko‘kat ekib qo‘yaman”, – deydi Abdullajon Yodgorov.

Sarvar Ziyoyev
Jahongir Aliboyev

Mavzuga oid