23:49 / 02.06.2023
17419

MRB direktori Berns Xitoyga yashirin safar qildi – OAV 

Uilyam Bernsning safari AQShning Xitoy bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish istagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 

Foto: AP

AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi direktori Uilyam Berns rasmiylar bilan suhbatlashish uchun may oyida Xitoyga yashirin safar qildi, deb yozdi Financial Times. Tashrif davomida Berns boshqa narsalar qatori Xitoy razvedkasi vakillari bilan ham uchrashgan. 

Uchrashuv chog‘ida Berns boshqa narsalar qatori xitoylik hamkasblarini razvedka kanallari orqali ochiq aloqa liniyalarini saqlab turishga undagan. Shu oyning o‘zida AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jyeyk Sallivan Venada Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi Van I bilan uchrashgan. Bu haqda uchrashuv tugaguniga qadar rasman e’lon qilinmagandi. 

FT xabariga ko‘ra, prezidenti Jo Bayden Uilyam Bernsni bir necha bor xorijiy safarlarga topshiriq bilan yuborgan. Masalan, 2021 yil noyabrida u Rossiya rahbariyatini Ukraina bilan qurolli mojaro boshlashdan qaytarish uchun Moskvaga borgan. Bundan tashqari, 2022 yilda u AQSh Kongressi Vakillar palatasining amaldagi spikeri Nensi Pelosini Tayvanga safarini bekor qilishga ko‘ndirishga uringan. 

MRB direktorining diplomatik safarlari afzalligi ularning to‘liq maxfiyligidir. Bundan tashqari, Berns turli mamlakatlar razvedka xizmatlari bilan mustahkam aloqalarga ega. 

FT talqiniga ko‘ra, Uilyam Bernsning safari AQShning Xitoy bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish istagi bilan bog‘liq. Xuddi shu maqsadda, Vashington AQSh Davlat kotibi Entoni Blinkenning Pekinga tashrifini tashkillashtirishga harakat qilmoqda. Yanvar oyi oxirida AQSh osmonida Xitoy havo shari bilan sodir bo‘lgan voqea tufayli uning safari bekor qilingan edi. 

May oyi boshida Bloomberg Qo‘shma Shtatlar Pentagon rahbari Lloyd Ostin va Xitoy mudofaa vaziri Li Shanfu o‘rtasida iyun oyida Singapurda uchrashuv o‘tkazishga urinayotgani haqida xabar bergan edi. Keyinroq, Xitoy uchrashuvni imkonsiz deb hisoblagan, chunki AQSh 2018 yilda Pekin Rossiyaning Su-35 samolyotini sotib olgani sababli Li Shanfuga qarshi sanksiyalar kiritgan. 

Top