10:26 / 02.06.2023
6047

Yevropa Ittifoqi parlamenti Vengriyaning bo‘lajak raisligidan xavotirda

Yevropa parlamenti Vengriyadagi qonun ustuvorligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashgani sababli Yevropa Ittifoqi davlatlarini “mos yechim” topishga chaqirdi. Aks holda, YeP ham tegishli choralarni ko‘rishi mumkin, deyiladi rezolyutsiyada.

Foto: Yahoo

Yevroparlament Vengriya 2024 yilning ikkinchi yarmida rotatsiya yo‘li bilan unga o‘tkazilishi lozim bo‘lgan YeI Kengashiga raislik funksiyalarini bajarishga qodirligiga shubha bildirdi. Tegishli rezolyutsiya 1 iyun, payshanba kuni Yevroparlament deputatlarining mutlaq ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilindi.

Hujjatda aytilishicha, Vengriyada fundamental huquqlarning buzilishi kuchayib borayotgani va Yevropa Ittifoqi Budapeshtga yo‘naltirilgan milliardlab yevroni muzlatib qo‘ygani sababli, Vengriya bu muhim vazifani o‘z zimmasiga olishiga shubha bor. “Yevropa parlamenti yana bir ovozdan Vengriyadagi qonun ustuvorligi bilan bog‘liq vaziyat yomonlashib borayotganidan chuqur xavotir bildiradi”, dedi ma’ruzachi Gvendolin Delbos-Korfild.

So‘nggi yillarda Vengriyada qonunlar yetarlicha parlament nazoratisiz qabul qilingan, deyiladi rezolyutsiyada, xususan. Yevroparlament deputatlari Yevropa Ittifoqi davlatlarini “mos yechim” topishga chaqirdi. Aks holda Yevroparlament ham tegishli choralarni ko‘rishi mumkin, deyiladi hujjatda.

Vengriya adliya vaziri Yudit Varga bu harakatni tanqid qilib, Budapeshtning Yevropa Ittifoqi raisligiga hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilayotganiga ishora qildi.

Top