Jahon | 11:06 / 07.06.2023
7667
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh - KGESdagi portlash haqida: Nima bo‘lganini hozircha aniq ayta olmaymiz

AQSh ma’muriyati Kaxovka GESdagi to‘g‘on portlashi bilan bog‘liq vaziyatni baholashda davom etmoqda. 

Foto: The Telegraph

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi shunday dedi: "Biz portlash uchun Rossiya javobgarligi haqidagi xabarlarni ko‘rdik". 

Shu bilan birga, u quyidagilarni ma’lum qildi: "Biz bu xabarlarni baholash uchun qo‘limizdan kelganini qilmoqdamiz va ukrainaliklar bilan qo‘shimcha ma’lumot to‘plash uchun ishlayapmiz. Lekin aniq nima bo‘lganini hozircha ayta olmaymiz". 

Kirbining qo‘shimcha qilishicha, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga sodir bo‘lgan voqealar oqibatlarini bartaraf etishda, jumladan, xalqaro humanitar tashkilotlar orqali yordam berishga tayyor.

6 iyunga o‘tar kechasi Kaxovka GESning to‘g‘oni buzildi. Voqea sodir bo‘lgan hududda suv sathi 10 metrga ko‘tarilgan, so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nlab aholi punktlari suv bosishi xavfi ostida qolgan. Novaya Kaxovka shahrining GESdan 5 km uzoqlikda joylashgan ko‘chalari suv ostida qoldi, u yerda favqulodda holat rejimi joriy etildi. Ukraina va Rossiya rasmiylari elektr stansiyasi ta’mirlab bo‘lmas holatga kelib qolganini bildirmoqda.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Twitter’da sodir bo‘lgan voqeada Rossiya tomonini aybladi. 

Kreml to‘g‘onni buzishda Moskvaning ishtiroki borligi haqidagi ayblovlarni rad etdi. Moskvaga ko‘ra, bu - Ukraina tomonining "diversiyasi". Rossiya Tergov qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi 2-qismi "a", "v" bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan kelishuv asosida sodir etilgan va katta miqdorda mulkiy zarar va boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelgan terrorchilik harakati) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mavzuga oid