Jahon | 21:53 / 08.06.2023
8410
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston-Italiya biznes-forumida 16ta bitim imzolandi

Mazkur bitimlarning umumiy qiymati taxminan 400 mln dollarni tashkil etadi. Shuningdek, istiqbolda O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shimcha 130 million dollar yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. 

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

O‘zbekiston-Italiya ishbilarmon doiralari ishtirokida o‘tkazilgan biznes-forumda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasidagi hamkorlik bo‘yicha 16 ta bitim imzolandi. Shundan 8 tasi investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga qaratilgan. Bu haqda Kun.uz'ga Qishloq xo‘jaligi vazirligi axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur bitimlarning umumiy qiymati taxminan 400 mln dollarni tashkil etib, istiqbolda qishloq xo‘jaligi sohasiga qo‘shimcha 130 million dollar yo‘naltirilishini ko‘zda tutadi.

Eksport shartnomalarida, asosan, O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Italiya va Yevropa bozorlariga yetkazib berish nazarda tutilgan.

“Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “Nardi Group” kompaniyasi o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi, uning doirasida sahrolashuvga qarshi kurashish sohasida hamkorlik rejalashtirilmoqda. Hujjatda Toshkent viloyati Ohangaron tumanida sinov loyihasini joriy qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, Italiyaning qishloq xo‘jaligi uchun texnologiyalar va mahsulotlar ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan Anglashuv memorandumi tuzildi. Kelishuv doirasida AKIS markazlarida ta’limni tashkil etish, shuningdek, o‘zbek operatorlarini o‘qitish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, vazirlik “Rota Guido” kompaniyasi bilan Italiyaning “Exetra” eksport kompaniyasi orqali kreditlash va Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi sohasida xizmatlar ko‘rsatish agentligi orqali agrotexnologiyalarni taqdim etishni ko‘zda tutuvchi, zootexnika sohasida italyan texnologiyalarini joriy etishga qaratilgan memorandum imzoladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzuga oid