O‘zbekiston–Italiya munosabatlari tarixiga nazar
Italiya O‘zbekiston mustaqilligini 1992 yil 10 yanvarda tan olgan. O‘sha yildanoq Toshkentda Italiya elchixonasi ish boshlagan bo‘lsa, O‘zbekistonning Rimdagi diplomatik vakolatxonasi 1998 yilda ochilgan. Florensiyaning Toskana va Umbriya regionlarida 2021 yildan, 2023 yildan esa Milanning Lombardiya va Liguriya regionlarida O‘zbekiston faxriy konsulliklari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Oliy darajadagi tashriflar
O‘zbekistonning 1-prezidenti Islom Karimov 1996 va 2000 yillarda Italiyaga tashrif buyurgan bo‘lsa, 1997 yilda Italiya prezidenti Oskar Skalfaro hamda o‘sha yili Italiya bosh vaziri Romano Prodi O‘zbekistonga kelgan.
Shuningdek, ayni kunlarda prezident Shavkat Mirziyoyev Italiya poytaxti Rim shahrida bo‘lib turibdi.
Savdo-iqtisodiy aloqalar
1999 yildan buyon Savdo-iqtisodiy, sanoat hamkorlik va eksport kreditlari bo‘yicha hukumatlararo ishchi guruhi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Asosiy eksport mahsulot va xizmatlari – tekstil, rangli metall (ishlov berilmagan sink), teri va oziq-ovqat mahsulotlarini tashkil qiladi.
O‘zbekistonga import bo‘ladigan mahsulot va xizmatlar esa mexanik asbob-uskunalar, gaz, suyuqliklarni yetkazib berish yoki ishlab chiqarish uchun hisoblagichlar, elektr jihozlari, oziq-ovqat mahsulotlari, farmatsevtika mahsulotlari, transport vositalari va ehtiyot qismlaridir.
2021 yilning 6 dekabr kuni Milanda bo‘lib o‘tgan to‘qimachilik va teri sanoati sohalarida 60 dan ortiq kompaniyalar ishtirok etgan bo‘lsa, kuni kecha, 6 iyun kuni Rimda tashkil etilgan biznes-forumda 170 dan ortiq yetakchi kompaniya va korxonalar vakillari ishtirok etishdi.
Investitsion hamkorlikka to‘xtalsak, O‘zbekistonda Italiya kapitali ishtirokidagi 54 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning asosiy faoliyat yo‘nalishlari alkogolsiz ichimliklar, vinolar, shisha idishlari xomashyosi, parfyumeriya, muzqaymoq, trikotaj, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish, paxta chiqindilarini qayta ishlash, savdo-sotiq va vositachilik xizmatlaridan iborat.
O‘zbekistonning Italiyadagi diasporasi
Hozirda 1,5 ming nafar O‘zbekiston fuqarosi Italiyada istiqomat qiladi. Shundan 900 nafari (55% ruslar, 20% o‘zbeklar, 13% tatarlar va 12% koreyslar, ukrainlar, armanlar, qozoqlar, tojiklar va boshqalar) elchixonaning doimiy va vaqtinchalik konsullik hisoblarida turadi.
Oxirgi 2 yilda Italiyadagi Turin politexnika universitetida o‘qish uchun kelgan O‘zbekiston fuqarolari soni ham sezilarli darajada oshdi.
Huquqiy baza
Ikki davlat o‘rtasida 1997 yil 3 mayda tuzilgan O‘zaro munosabatlar tamoyillari to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya hamda 1997 yil 17 sentabrda kelishilgan O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi Do‘stlik va hamkorlik shartnomasi asosida 22 ta hujjatdan iborat, jumladan: 1 ta davlatlararo shartnoma, 10 ta hukumatlararo bitim, 3 ta idoralararo kelishuv va 8 ta boshqa huquqiy bazalar asosida hamkorlik qilinmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyovning 8-9 iyun kunlari Italiya davlatida bo‘lib o‘tadigan davlat tashrifidan ham turli doiradagi kelishuv, shartnomalar va bitimlarga erishilishi kutilmoqda.
Sardor Rahmonqulov,
Kun.uz muxbiri
Rim, Italiya
Mavzuga oid
16:48 / 17.11.2024
Italiyalik tadbirkor o‘g‘irlab ketilishini uyushtirgan o‘zbekistonlik qo‘lga olindi
22:08 / 15.11.2024
Alp tog‘larida turistlar 280 mln yillik qadimiy hayvonlar izlariga duch keldi
18:29 / 12.11.2024
Italiyada 2 mingdan ziyod soxta san’at asarlari musodara qilindi
15:17 / 11.11.2024