07:34 / 09.06.2023
7637

Stoltenberg NATOni Ukrainaga shoshilinch yordam ko‘rsatishga chaqirdi

NATO bosh kotibi Kaxovka GES vayron bo‘lishi oqibatlarini minglab odamlar va atrof-muhit uchun dahshatli deb atadi va alyans a’zolarini zudlik bilan zarur yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

Foto: AP

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Shimoliy Atlantika alyansi davlatlarini Kaxovka GES vayron bo‘lishi oqibatida yuzaga kelgan ekologik falokat munosabati bilan Ukrainaga imkon qadar tezroq humanitar yordam ko‘rsatishga chaqirdi. Bu haqda 8 iyun, payshanba kuni NATO-Ukraina komissiyasi yig‘ilishidan so‘ng alyans matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba NATOga a’zo davlatlarning doimiy vakillari darajasida video-konferensiya orqali o‘tkazilgan komissiya yig‘ilishida ishtirok etdi. U yig‘ilish ishtirokchilariga Kaxovka GES to‘g‘onining yorilishi oqibatlari haqida gapirib berdi.

"Stoltenberg minglab odamlar va atrof-muhit uchun oqibatlar dramatik bo‘lishini aytdi va ittifoqchilarni tezkor yordam berishga chaqirdi. Ittifoqchilar Ukraina bilan kuchli birdamlik bildirdi va ularning ko‘pchiligi allaqachon suv filtrlari, nasoslar, generatorlar va uskunalar kabi muhim yordam ko‘rsatmoqda", - deyiladi NATO bayonotida.

Stoltenbergning ta’kidlashicha, Ukrainani "zudlik bilan, o‘rta va uzoq muddatli" qo‘llab-quvvatlash NATO mudofaa vazirlari va Ukraina mudofaa aloqa guruhining kelasi haftadagi uchrashuvlari hamda alyansning iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammitining asosiy mavzusi bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top