O‘zbekiston | 20:58 / 13.06.2023
20693
2 daqiqa o‘qiladi

Qo‘qon bozorida yonib ketgan do‘konlar 15 kunda qayta qurib beriladi 

Bozor ma’muriyati bank krediti hisobiga do‘konlarni tiklaydi. 

Foto: Kun.uz

Farg‘ona viloyati, Qo‘qon shahrida joylashgan bozorda yonib ketgan do‘konlar qayta qurib beriladi. 

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot kotibi Dilmurod Jumabayev so‘zlariga ko‘ra, qurilish ishlari 15 kun muddatda yakunlanadi. Qayta qurish uchun tadbirkorlardan pul olinmaydi. Barcha ishlar bozor ma’muriyati hisobidan amalga oshiriladi. 

«Viloyat hokimligi qurilish ishlari 15 kun muddatda yakunlanishini, buning uchun yetarli quruvchi jalb etilishini ta’minlaydi va nazoratga oladi. Qurilish ishlari uchun tadbirkorlardan hech qanday mablag‘ olinmaydi. Barcha ishlar bozor ma’muriyati hisobidan amalga oshiriladi, buning uchun ma’muriyatga bank krediti beriladi», dedi u. 

Qayd etilishicha, hozirda texnogen ofat oqibatida yetkazilgan zarar miqdorini aniqlash ishlari davom etmoqda. 

12 iyun kuni Qo‘qon shahridagi «Buyuk ipak yo‘li» savdo majmuasida katta yong‘in yuz berdi. 

Hozircha unda jabrlanganlar soni va yetkazilgan zarar miqdori haqida xabar berilmadi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid