Jahon | 22:09 / 16.06.2023
11181
3 daqiqa o‘qiladi

JSST «zaharli siroplar» xavfi doimiy ekanini ma’lum qildi 

Chunki soxta ingrediyent solingan bochkalar omborlarda qolgan bo‘lishi mumkin. Yo‘talga qarshi siroplar va uning tarkibiga kiruvchi propilenglikolning saqlash muddati esa taxminan ikki yil. 

Foto: REUTERS/Ajeng Dinar Ulfiana/Illustration

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) yo‘talga qarshi zaharli siroplar bilan bog‘liq global tahdid hali ham yo‘qolmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters yozdi. 

Tashkilot o‘tgan yili uch mamlakatda (Gambiya, O‘zbekiston, Indoneziya) 300 dan ortiq bola o‘limiga sabab bo‘lgan zaharli dorilar bilan bog‘liq hodisalardan keyin, bu mamlakatlar safiga yana oltitasi qo‘shilgani haqida xabar berdi. 

JSST sifatsiz va kontrafakt dorilar bilan bog‘liq hodisalar bo‘yicha guruh rahbari Rutendo Kuvana yangi davlatlar nomini aytishdan bosh tortdi, chunki surishtiruv-tergov jarayoni hali ham davom etmoqda. 

U zaharli dorilar yana bir necha yil davomida topilishi mumkinligi haqida ogohlantirdi, chunki soxta ingrediyent solingan bochkalar omborlarda qolgan bo‘lishi mumkin. Yo‘talga qarshi siroplar va uning tarkibiga kiruvchi propilenglikolning saqlash muddati taxminan ikki yil. 

«Bu doimiy xavf», dedi Kuvana. 

Farmatsevtika sohasi mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, ba’zi «vijdonsiz» ishlab chiqaruvchilar propilenglikolni zaharli muqobillar - etilenglikol va dietilenglikol bilan almashtirmoqda, chunki ular arzonroqdir. Bunday moddalar ko‘proq tormoz suyuqligi va inson iste’moli uchun mo‘ljallanmagan boshqa mahsulotlarda qo‘llaniladi.

JSST xulosasiga ko‘ra, 2021 yilda propilenglikol narxi keskin oshgani sababli, bir yoki bir nechta ta’minotchilar uni arzonroq, ammo zaharli suyuqliklar bilan aralashtirgan, dedi Kuvana. U ta’minotchilar qayerda ekanini aytmadi va noaniq ta’minot zanjirlari buni isbotlashni qiyinlashtirishini qo‘shimcha qildi. Farmatsevtika ishlab chiqaruvchilari, odatda dori ingrediyentlarni tashqi ta’minotchilardan sotib oladi. 

JSST 2001 yildan beri 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarga yo‘talga qarshi siroplarni bermaslikni tavsiya qiladi, chunki ularning qanchalik samarali ekani yoki nojo‘ya ta’sirlari haqidagi dalillar yetarli emas. 

JSST barcha mamlakatlarni dori vositalari ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirmoqda. Shuningdek, dori vositalarini sinab ko‘rish uchun resurslarga ega bo‘lmagan mamlakatlarga yordam taklif qilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil dekabr oyida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Dok-1 MAX» yo‘talga qarshi siropidan O‘zbekistonda o‘nlab bolalar halok bo‘lgan edi. 

2023 yil yanvar oyida JSST Marion Biotech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan «Ambronol» yo‘tal siropi va «Dok-1 MAX» siropi tarkibida dietilenglikol (DEG) va etilenglikol (EG) zaharli moddalari borligini tasdiqladi. 

Mavzuga oid