Jahon | 14:00 / 21.06.2023
8449
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniyaning ayrim hududlarida shlangdan suv ishlatish taqiqlandi

Jaziramada suvga ehtiyoj ortishi sabab aholi shlang orqali suvni isrof qilishi ehtimoli ortidan Buyuk Britaniyaning ba’zi hududlarida kommunal kompaniyalar shlanglar orqali suvdan foydalanishni taqiqladi.

Foto: Elva Etien / Getty Images

Buyuk Britaniyada yoz oylarida issiq ob-havo rekordlari yangilanyapti. 2019 yilda eng issiq harorat 38,7 daraja bo‘lgan, 2022 yilda esa 40,2 daraja qayd etilgan. Bu yilgi harorat o‘tgan yilgilaridan ham baland bo‘ladimi yoki yo‘qmi hozircha aniq emas. Lekin yoz kelishi bilan ko‘plab bog‘bonlar nasoslar orqali bog‘larini sug‘orishadi va bunga ortiqcha suv sarflanadi

Buning oldini olish uchun 26 iyundan boshlab Kent va Sasseks hududlarida shlang quvurlarini ishlatish taqiqlandi. Bundan tashqari, Kornoull va Shimoliy Devon okrugida ham nasosdan foydalanish cheklangan.

Bunda bog‘larni sug‘orish, mashinalarni yuvish va hovuzlarni to‘ldirish uchun shlangdan foydalanish taqiqlanadi. Qoidani buzganlar 1000 funt sterling (1 277 dollar) jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Har o‘n daqiqada o‘rtacha shlang 170 litr suv sarflaydi. Purkagich bir soat ichida sarflaydigan suv to‘rt kishilik oila bir kun davomida ishlatadigan suvga teng. Shuning uchun ham shlanglarni taqiqlash ekologiya uchun foydali deb qaralyapti.

Bog‘bonlarga esa shlang bilan sug‘orish o‘rniga maxsus idishlarda faqat o‘simliklar tagiga suv quyish usulidan foydalanish tavsiya qilinyapti. Yoki turli yo‘llar bilan yomg‘ir suvini to‘plab olish va uni sug‘orish mavsumi kelgach ishlatish mumkin.

Mavzuga oid