Jahon | 15:37 / 22.06.2023
10752
4 daqiqa o‘qiladi

Shols Ukraina armiyasining jangovar qobiliyatini oshirishga chaqirdi

Germaniya kansleri NATOdan Ukraina uchun keng ko‘lamli xavfsizlik kafolatlarini olishga chaqirdi. U yana Germaniya Ukrainaga kerak bo‘lganda yordam berishi haqida va’da qildi.

Foto: AP

Germaniya kansleri Olaf Shols yana Ukrainaga cheksiz yordamni va’da qildi. «Germaniya Ukrainani qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlaydi. Biz Ukraina tomonidamiz», - dedi u 22 iyun, payshanba kuni Germaniya Bundestagida hukumat bayonotida. 

NATOning iyul oyida Vilnyusda bo‘lib o‘tadigan sammiti arafasida Shols Ukraina uchun keng ko‘lamli xavfsizlik kafolatlarini berishga chaqirdi. «Mutlaq ustuvor vazifa - Ukrainaning jangovar qobiliyatini oshirish. NATO Yevropa Ittifoqi va G7 davlatlari bilan parallel ravishda samarali va uzoq muddatli xavfsizlik kafolatlarini ishlab chiqishda hamkorlik qilmoqda», - dedi u. 

Shols Germaniya allaqachon Ukrainaga 16,8 milliard yevro miqdorida fuqarolik va harbiy yordam ko‘rsatganini eslatdi. U Berlin Kiyevni zirhli texnika, havo hujumidan mudofaa tizimlari, artilleriya va o‘q-dorilar bilan ta’minlashda davom etishiga va’da berdi – aynan shu narsa Ukrainaga, uning so‘zlariga ko‘ra, hududlarni ozod qilish uchun hozirgi qarshi hujumida eng zarur. 

Kanslerning so‘zlariga ko‘ra, ittifoqchilarning ikkita maqsadi bor – Ukrainaga doimiy ravishda harbiy yordam, jumladan, zamonaviy G‘arb qurollari bilan ta’minlash va shu bilan birga, Ukrainaning iqtisodiy chidamliligini kuchaytirish. «Bizning yaqindan muvofiqlashtirilgan amaliy va aniq yordamimiz Ukraina uchun hal qiluvchi va hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib qolmoqda», - dedi u. 

Shu bilan birga, Shols urush tugaguniga qadar Ukrainaning NATOga kirishi haqida gap bo‘lishi mumkin emasligini ta’kidladi. «Ukrainaning o‘zi NATOga qo‘shilish istagi bo‘yicha hozir hech qanday imkoniyat yo‘qligini tushunadi. Ukraina hukumatining o‘zi tushunib yetdiki, Ukrainada urush davom etayotgan ekan, NATOga qo‘shilish haqida gap bo‘lishi mumkin emas», - dedi u. 

Olaf Shols hukumat bayonotida Germaniya hukumatining Germaniya va Yevropani himoya qilishdagi qat’iyatini ta’kidladi. «Biz mamlakatimiz xavfsizligini har qanday tahdiddan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qilyapmiz», — dedi u hamda Germaniya NATO doirasida Shimoliy Atlantika ittifoqi Sharqiy Yevropa mamlakatlari xavfsizligiga alohida g‘amxo‘rlik qilish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi. Shols, shuningdek, umumevropa havo hujumidan mudofaa tizimini yaratish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlardan mamnunligini bildirdi. 

«Yevropada xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatning tubdan o‘zgarishi» faktini ta’kidlab, Shols mamlakat qurolli kuchlari - Bundesverni ommaviy va tinimsiz mustahkamlashga va’da berdi. U 2024 yildan boshlab Germaniya yalpi ichki mahsulotining kamida ikki foizini mudofaa sohasiga ajratish bo‘yicha NATO mandatiga rioya qilishga va’da berdi. 

«Hukumat Bundesver nihoyat zarur jihozlarni olishini ta’minlash uchun harakat qilmoqda», - deya ta’kidladi Shols. Unga ko‘ra, bunga Ukrainada urush boshlanganidan so‘ng ko‘p o‘tmay tashkil etilgan qurol-yarog‘ sotib olish uchun 100 milliard yevrolik maxsus jamg‘arma yordam bermoqda.

Mavzuga oid