O‘zbekiston | 10:29 / 22.06.2023
11064
6 daqiqa o‘qiladi

Yangi o‘quv yili qabuliga oid matbuot anjumani o‘tkazildi – asosiy ma’lumotlar

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Bilim va malakalarni baholash agentligi mutasaddilari yangi o‘quv yili bo‘yicha paydo bo‘layotgan savollar yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazdi. Kun.uz tadbirning muhim ma’lumotlarini bir sahifaga jamladi.

Foto: Telegram / Rasmiy_xabarlar_Official

21 iyun kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi va Bilim va malakalarni baholash agentligi mutasaddilari ishtirokida 2023/2024 o‘quv yili qabuliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi. Mas’ullar bu yil qabulda qanday o‘zgarishlar bo‘lishi, savol varaqalarining tarqalib ketmasligi uchun ko‘rilayotgan choralar, qabulda maktab baholarining inobatga olinishi kabi masalalarda savollarga javob berdi.

Bu yil bakalavriat uchun kunduzgi ta’lim to‘lov-kontrakt qabul kvotalari 92 254 tani tashkil etmoqda, davlat granti esa 34860 ta etib belgilangan.

 “O‘tgan yilgiga nisbatan 2023/2024 o‘quv yilida qabul kvotalari soni grant uchun 10 foizga, to‘lov-kontraktga 1 foizga oshirilgan. Bu yerda grantda ko‘proq o‘sish bor”, – deydi vazirlik departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Ma’lumot berilishicha, imtiyozlar asosida o‘qishga kirish uchun umumiy tasdiqlangan kvotadan tashqari 15 mingta qo‘shimcha kvota ajratilgan.

Shuningdek, anjumanda imtihon nazoratchilari qanday tanlov asosida olingani masalasiga ham to‘xtab o‘tildi. Bilim va malakalarni baholash agentligi direktori maslahatchisi Farhod Mirzayevning bergan ma’lumotiga ko‘ra, bu yil guruh nazoratchilarini tanlab olish ochiq platformaga hujjat topshirish asosida tashkil qilingan bo‘lib, 8956 nafar talabgor guruh nazoratchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan.

Maxsus o‘quv kurslaridan o‘tganidan keyin, test va suhbat orqali 4000ga yaqin guruh nazoratchisi tanlab olingan. Shartnoma asosida ularga har kunlik to‘lov va tushlik uchun pul berilishi belgilangan”, – dedi Mirzayev.

Imtihon natijalari chiqishida maktab baholarining inobatga olinish masalasi nega ortga surilayotganiga ham izoh berildi. Vazirlik departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov bu jarayon hali beri joriy qilinishi imkonsiz ekanini ham ma’lum qildi. U bu jarayon kechikayotganiga sabab sifatida abituriyentlar orasida 15 yil oldin maktabni tugatganlar va litsey, kollej o‘quvchilari ham borligi ekanini aytdi. 

“Ko‘pchilik abituriyent deganda bu yilgi maktab bitiruvchilarini tushunadi, lekin 15 yil oldin maktabni bitirgan abituriyentlar ham bor. Ya’ni teng huquqlilik degan narsa buziladi. Chunki 15 yil oldingi maktab bitiruvchisi ballarining o‘rtachasini chiqarish uchun elektron baza yo‘q. Shu sabab bu jarayon 100 foiz barcha abituriyent uchun ishlaydigan holatga kelgandan keyin ishlatiladi. Bu yil ham ehtimoli kam. Chunki odingi yillarda tugatgan abituriyentlar soni juda ham ko‘p”, – dedi u.

Mavzuga Farhod Mirzayevning qo‘shimcha qilishicha, maktab baholari inobatga olinishining hujjat topshirish jarayoniga hech qanday ta’siri yo‘q, agar bu inobatga olinadigan bo‘lsa, mandatgacha aniq bo‘ladi.

Shuningdek, jurnalistlar test varaqalarining tarqalib ketish holatlari oldini olish uchun nima ishlar qilinayotganiga ham qiziqishdi.  

Agentlik mutaxassisi Jamshid Odilovning javobiga ko‘ra, imtihondan oldin diagnostika testlari o‘tkazib turiladi. Abituriyentlar o‘tgan yillarda shunday test kitoblarini rasmga olib tarqatib yuborishgani sababli test savollari tarqalyapti, degan vahima paydo bo‘lgan.

Mabodo jarayonning o‘zida test varaqasini rasmga tushirish holati bo‘lsa, abituriyent darhol dalolatnoma tuzib, imtihondan chetlashtiriladi. Sizlarda bu savollar boshqa abituriyentlarga tushishi ehtimoli bormi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bizda barcha savollar yangidan shakllantiriladi. Deylik, 5 avgust 1-smenada bo‘lib o‘tgan test topshirig‘i, 2-smena yoki boshqa bir kunda umuman takrorlanmaydi”, – deb tushuntirdi Odilov.

Qabul jarayonlariga oid kelib tushgan savollar orasida, Farg‘onadagi So‘x hududi abituriyentlari uchun bu yil ham qo‘shimcha kvota ajratilishi so‘ralgan. Bu savolga Xoliqov javob berdi.

Bu yilgi qabul kvotasi bo‘yicha qabul komissiyasining bayoni hali tasdiqlanmadi. Bizda Navoiyning Uchquduq, Konimex, Tomdi tumanlari, shuningdek, Buxoro va Samarqandning ham ayrim tumanlariga doimiy kvota ajratiladi. Qolgan hududlar esa vaqtincha, 2-3 yillik bo‘lishi mumkin. So‘x uchun o‘tgan yili imtiyoz berilgan. Bu yil hali yo‘q. Buni davlat komissiyasi ko‘rib chiqadi”, – dedi Xoliqov.

Anjuman co‘ngida agentlik mutaxassislari abituriyentlardan test jarayonlariga kechikmaslikni so‘rashdi. Chunki kechikkan yoki boshqa sabab bilan testga kelolmaydigan abituriyentlar uchun qayta test tashkil qilib berilmaydi.

Faqatgina bir yil – pandemiya vaqtida kasal bo‘lganlar uchun test imtihoni qayta tashkil qilib berilgandi. Lekin hozirgi me’yoriy hujjatlarda kechikkanlar uchun testni qayta o‘tkazish nazarda tutilmagan”, – dedi Farhod Mirzayev.

Mavzuga oid