Jahon | 11:38 / 23.06.2023
5039
2 daqiqa o‘qiladi

Modi va Bayden Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatladi

Ukrainadagi urush global iqtisodiy tizimga tobora ko‘proq ta’sir qilmoqda, deyiladi AQSh va Hindiston rahbarlari bayonotida. Mamlakatlar Ukraina xalqiga keyingi insonparvarlik yordamini va’da qildi.

Foto: ANI

AQSh prezidenti Jo Bayden va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Ukrainaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlab, harbiy mojaro va uning «dahshatli va fojiali oqibatlaridan» chuqur xavotir bildirdi. 22 iyun, payshanba kuni Vashingtonda Bayden-Modi uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qo‘shma bayonotga ko‘ra, ikkala siyosatchi ham «xalqaro huquq, BMT Nizomi tamoyillari hamda hududiy yaxlitlik va suverenitetni hurmat qilishga chaqirdi».

«Rahbarlar urushning global iqtisodiy tizimga, jumladan, oziq-ovqat, energetika xavfsizligi va muhim ta’minot zanjirlariga jiddiy va ortib borayotgan ta’sirini ta’kidladi. Ular urush oqibatlarini yumshatish, ayniqsa, rivojlanayotgan mamlakatlarda sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chaqirdi», deyiladi hujjatda. Qayd etilishicha, Vashington va Nyu-Dehli «Ukraina xalqiga insonparvarlik yordamini davom ettirish majburiyatini oladi».

Oq uyda Jo Bayden bilan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Narendra Modi, shuningdek, Ukrainada tinchlik o‘rnatishga va’da berdi. «Ukrainadagi voqealar boshidanoq Hindiston nizolarni hal qilish, muloqot va diplomatiyaga urg‘u berdi, - dedi u. - Biz tinchlikni tiklash uchun qo‘limizdan kelgan barcha hissani qo‘shishga to‘liq tayyormiz».

Narendra Modi 20 iyun kuni davlat tashrifi bilan AQShga keldi. Nyu-Yorkda u BMT shtab-kvartirasiga tashrif buyurdi, shundan so‘ng Bayden va boshqa rasmiylar bilan uchrashish uchun Vashingtonga jo‘nadi.

Uning tashrifi katta siyosiy ahamiyatga ega, deya ta’kidlaydi AFP, chunki Qo‘shma Shtatlar Hindistonni Xitoyga qarshi muvozanat sifatida ko‘radi va uni Rossiya bilan munosabatlarni uzishga undamoqchi. Hindiston hozircha Ukrainadagi urushni bevosita tanqid qilishdan o‘zini tiyib turibdi. Shu bilan birga, Nyu-Dehli Moskva bilan iqtisodiy aloqalarni mustahkamlamoqda, xususan, Rossiya neftini xarid qilishni oshirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid