Jahon | 19:02 / 24.06.2023
55654
6 daqiqa o‘qiladi

Napoleonni «cho‘ktirgan» urush. Fransiyaning Rossiyaga yurishi

Bundan roppa-rosa 211 yil avval, 1812 yil 24 iyun kuni Napoleon Bonapart boshchiligidagi Fransiya imperiyasi kuchlari Neman daryosini kechib o‘tib, Rossiya imperiyasiga hujum boshlaydi.

Foto: Wikipedia

Tarixda Fransiyani ulkan imperiyaga va Yevropaning katta qismini o‘zining vassaliga aylantirgan Napoleonning Rossiyada omadi kelmaydi. Aynan sharqqa qilingan katta hujum Napoleonning shuhratiga putur yetkazib, uning hokimiyatdan qulashini tezlashtiradi.

Urushgacha vaziyat va qit’a qamali

Hech qanday urush o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmaydi, unga bo‘lgan vaziyat yillar davomida pishib yetiladi. Fransiyada amalda 1799 yilda hokimiyatni qo‘lga olgan Bonapart «Napoleon yurishlari» deya ataluvchi zafarli urushlarni boshladi. 1805 yilda Avstriya, 1806-1807 yillarda Polsha va Prussiyaga qarshi muvaffaqiyatli janglar qilindi, bungacha Italiya va boshqa hududlar ham bo‘ysundirilgandi.

1806 yilda Prussiya egallangach, Napoleon keskin qaror qabul qildi: g‘alabalardan mast bo‘lgan imperator jahonning eng katta mustamlakachilaridan biri — Britaniya imperiyasiga qit’a qamali e’lon qildi. Qit’a qamali Napoleon hukmronligi ostidagi yerlarda Britaniya bilan savdo qilishni taqiqladi. Okeanorti mustamlakalariga boy inglizlar iqtisodi katta jabr ko‘rsa-da, inqirozga uchramadi. Fransiyaning iqtisodiy qamali teskari ta’sir bera boshladi. Buning ustiga Rossiya qog‘ozda qit’a qamaliga qo‘shilishga rozi bo‘lsa-da, betaraf bayroq ostida Britaniya bilan faol aloqalarni davom ettirdi. Bu Napoleonni g‘azablantirdi.

Ishning orqaga ketgani sabab imperatorga yana bir yirik va g‘olibona urush kerak edi. Prussiya va Avstriya qo‘lloviga erishgan Napoleon katta, ammo iqtisodiy zaifroq bo‘lgan Rossiya imperiyasiga urush ochishga qaror qildi.

Urush

Fransiyaning «Buyuk armiya»sida 600 mingdan oshiq askar bo‘lgani aytiladi. Aytish joizki, ularning yarmini fransuzlar tashkil etgan, qolgani vassal davlatlar vakillari edi. Fransuzlardan so‘ng nemis va polyaklar ko‘pchilikni tashkil etgan. Rossiya armiyasining 450 mingdan oshiq jangchisi bor edi, shuningdek, 600 mingdan oshiq kishi mobilizatsiya qilinadi.

Manbalarga ko‘ra, Napoleon urushni tez tugatishni maqsad qilgan. U bevosita Rossiyani qo‘shib olishni emas, uni vassalga aylantirishni istardi. Asosiy niyat Britaniyani cho‘ktirish bo‘lsa, Rossiya bu ishda unga yordam berishi kerak edi. Hatto Napoleon Rossiya yordamida Hindistonga yurishni niyat qilgani aytiladi.

Napoleon kuchlari uch yo‘nalishda: shimol, markaz va janubdan hujumga o‘tadi. Dastlab fransuzlar yashin tezligida g‘alaba qozona boshlaydilar. Rossiya kuchlarida yagona qo‘mondonlik yo‘q, imperator Aleksandr Birinchi harbiy ilmga no‘noq edi. Nihoyat 17 avgustda Favqulodda qo‘mita tuzilib, Mixail Kutuzov unga rahbar etib tayinlanadi.

Kutuzov va Napoleon o‘rtasidagi ilk katta to‘qnashuv sentabrda, Moskvadan 125 kilometr uzoqlikdagi Borodino qishlog‘ida yuz beradi. Ikki tomon ham (ayniqsa ruslar) katta yo‘qotishlarga uchraydi. Kutuzov chekinishga buyruq beradi.

Kuli ko‘kka sovurilgan Moskva

Kutuzov ancha ehtiyotkor sarkarda edi. Rus armiyasi faol chekina boshlaydi. Natijada 15 sentabrda fransuz armiyasi Moskvani qo‘lga kiritadi. Ammo ularning xursandchiligi ko‘pga cho‘zilmaydi — shaharda katta yong‘in boshlanadi. Garchi Rossiya tomoni bosqinchilarni ayblasa-da, faktlarga ko‘ra, ruslarning o‘zi Moskvani tark etishdan avval shaharga o‘t qo‘yadi.

Moskvada biroz muddat turib, yong‘in sabab chiqishga majbur bo‘lgan Napoleon quyidagi gaplarni yozadi: "Dahshatli spektakl — olov dengizi, alanga ummoni. Umrim bino bo‘lib, bunaqa dahshatli va katta spektaklni ko‘rmagan edim..."

Shaharga qaytib kirganlar kultepalarni ko‘radi xolos. Fransuzlar shaharda bir oydan oshiq turishadi. Moskvadan turib Napoleon Peterburgga tinchlik sulhlarini taklif etadi va rad javobi oladi.

Rossiya ichkarisiga kirib borgan sari armiya kuchsizlana boshlaydi, ta’minot qiyinlashadi, fransuzlar oddiy xalqning jig‘iga tegib talonchilik qila boshlaydi. Buning oqibatida xalq noroziligi ortidan partizanlik harakatlari avj oladi.

Oktyabrda fransuzlar Moskvani tark eta boshlaydilar. Ob-havo keskin sovib ketadi. Ayrim joylarda fransuzlarning chekinishi qochishga aylanadi. Maloyaroslavets va Krasniyda Napoleon qaqshatqich mag‘lubiyat qabul qilib oladi.

Intiho va Napoleonning qulashi

Noyabr oxirida tomonlar Berezina daryosi bo‘yida to‘qnashadi. Fransuzlar katta yo‘qotishga uchrab, amalda jangovarlikni yo‘qotishadi. 600 ming kishilik buyuk armiyadan faqatgina qochoq va yomon ahvoldagi bir necha ming askarlar qoladi xolos. 15 dekabrda chiqarilgan armiya hujjatida Napoleon katta yo‘qotishlarni tan olib, amalda mag‘lubiyatni qayd etadi.

Rossiyalik tarixchi A.N.Troitskiyga ko‘ra, Napoleonning mag‘lubiyatiga uch asosiy sabab bor: fransuz imperatorining no‘noq taktikasi, rus armiyasining qattiq qarshiligi va Rossiyaning kuchli sovug‘i. Aynan sovuq tufayli fransuz armiyasi katta qiyinchiliklarga uchraydi.

Bundan tashqari Britaniya imperiyasi Rossiyaga katta harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, urushdan keyin 200 mingdan oshiq fransuz askarlari Rossiyada asirda qoladi. Ular mamlakatdagi ijtimoiy-madaniy hayotga ta’sir qiladi, ruslar orasida franuz madaniyati va tiliga qiziqish kuchayadi.

Napoleon esa 1813 yilda Yevropa ittifoqchi kuchlaridan Leypsig ostonasida mag‘lubiyatga uchrab Elba oroliga surgun bo‘ladi. Ammo bu buyuk imperatorning oxiri emasdi. Napoleon yana qaytib, hokimiyatni egallaydiki, endi bu boshqa, katta hikoya...

Abror Zohidov

Mavzuga oid