«Tolibon» afg‘on ayollariga «erkin insonlar» maqomi qaytarilganini e’lon qildi
Ammo ularga nisbatan cheklovlarning yumshatilishi yoki olib tashlanishi haqida ma’lumot yo‘q.
Afg‘onistonning hukmron «Tolibon» harakati rejimi ayollarning an’anaviy zulmdan ozod qilingani va ularga erkin insonlar maqomi qaytarilganini e’lon qildi. Bu haqda harakatning oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda musulmonlarning Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) munosabati bilan qilgan bayonotida aytib o‘tdi.
«Xotin-qizlarni ko‘plab an’anaviy zulmdan, jumladan, majburiy nikohdan xalos etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ko‘rildi, ularning shariat huquqlari himoya qilindi. <...> Ayollarning erkin va munosib inson sifatidagi maqomi tiklandi va barcha institutlar ayollarga nikoh, meros va boshqa huquqlarni ta’minlashda ko‘maklashishlari shart», dedi Oxundzoda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» «ayollarning islom shariati asosida qulay va farovon hayot kechirishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rgan».
Tolibon yetakchisining qayd etishicha, Afg‘onistondagi ayollar muammolari, jumladan, «20 yillik ishg‘olning salbiy tomonlari» bilan bog‘liq.
2021 yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni qo‘lga kiritgach, «Tolibon» ayollarga nisbatan bosqichma-bosqich tarzda turli cheklovlarni joriy qilishni boshladi. Xususan, ayol teleboshlovchilarni ro‘mol o‘rashi majburiy qilindi, ayol aktrisalar ishtirokidagi dramatik filmlar va ko‘rsatuvlar namoyishi taqiqlandi. Qizlarning o‘rta maktabda ta’lim olishi, universitetlarda o‘qishi cheklandi, ayollarga barcha milliy va xalqaro nohukumat tashkilotlarida ishlash taqiqlandi. Bu qarorlar ko‘plab xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT tomonidan tanqidlar to‘lqiniga sabab bo‘ldi.
Haybatulloh Oxundzoda bayonotidan keyin ushbu cheklovlarning yumshatilishi yoki olib tashlanishi haqida boshqa ma’lumot yo‘q.
Mavzuga oid
13:30 / 20.11.2024
O‘zbekiston va AQSh afg‘on masalasi bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi
17:22 / 17.11.2024
Tramp Afg‘onistondan AQSh qo‘shinlarini olib chiqqanlarni jazolamoqchi – OAV
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024