Jahon | 16:59 / 28.06.2023
36415
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: general Surovikin Prigojinning rejasidan boxabar bo‘lgan

Prigojin boshqa yuqori martabali harbiylar uni qo‘llashiga ishongan holda isyon boshlagan bo‘lishi mumkin.

Foto: Sputnik, via Reuters

Amerika maxsus xizmatlarining hisoblashicha, general Sergey Surovikin «Vagner» XHK asoschisi Yevgeniy Prigojin isyonga tayyorlanayotgani to‘g‘risida oldindan bilgan. Bu haqda The New York Times nashri razvedka ma’lumotlari bilan tanish bo‘lgan bir necha manbalariga tayangan holda xabar berdi.

Endilikda, NYT manbasi so‘zlariga ko‘ra, AQSh rasmiylari Surovikin bu rejani ishlab chiqishda ishtirok etgan yoki yo‘qligini aniqlashga urinmoqda.

Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, Prigojin tomonidan amalga oshirilgan RF mudofaa vazirligi rahbariyatini kuch bilan o‘zgartirishga qaratilgan urinishni boshqa generallar ham qo‘llab-quvvatlagan bo‘lishi mumkin. Nashr manbalari fikricha, agar yuqori martabali mulozimlar orasida tarafdorlari  borligiga amin bo‘lmaganida, Prigojin isyon ko‘tarmagan bo‘lardi.

Yuqori martabali amerikalik mulozimlarning fikricha, general Surovikin va Prigojin o‘rtasidagi ittifoq «Vagner» XHK asoschisi Rossiyaning yirik harbiy markazini kuch bilan egallab, Moskva tomon qurolli yurishga buyruq berganiga qaramay nega hamon tirik qolayotganini izohlashi mumkin.

NYT suhbatdoshlari fikricha, endi RF prezidenti Vladimir Putin Surovikin Prigojinni qo‘llaganiga ishonadimi va bunga qanday munosabatda bo‘lishi kerakligini hal qilishi kerak.

Nashr manbalari Putin bo‘lgan ishlar uchun barcha aybni Prigojinning zimmasiga yuklashga qaror qilishi mumkinligini istisno etishmaydi. Ammo, agar Surovikinning bu isyonga jalb etilganiga oid aniq dalillar keltirilsa, Putinda ushbu generalni qo‘mondonlikdan chetlashtirishdan o‘zga chora qolmaydi, deb hisoblamoqda ular.

G‘arbda Rossiya qo‘mondonligining boshqa vakillaridan ko‘ra ko‘proq layoqatli va beshafqat harbiy boshliq sifatida baholanadigan Surovikinning chetlatilishi, shubhasiz, qarshi hujumga o‘tgan Ukrainaning foydasiga xizmat qiladi.

NYT suhbatdoshlari qayd etishicha, AQSh va uning ittifoqchilari hozircha ro‘y bergan hodisa haqida faqat dastlabki ma’lumotlarga egaligini ta’kidlamoqda, rasmiylar Rossiya propagandasi isyonni G‘arb uyushtirgani haqida jar solishga ortiqcha asoslar qoldirmaslik uchun bu mavzu bo‘yicha bayonotlar berishdan tiyilmoqda.

  • Yevgeniy Prigojin bir necha bor Sergey Surovikinni ochiqchasiga maqtagandi. Prigojin isyon boshlangani haqida e’lon qilganidan ko‘p vaqt o‘tmay Sergey Surovikinning murojaati tarqaldi, unda general «Vagner» XHKni «to‘xtash»ga va «barcha masalani tinch yo‘l bilan hal etish»ga chaqiradi. Shuningdek, «Vagner» jangchilariga Rossiya bosh shtabi bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, general-leytenant Vladimir Alekseyev ham murojaat yo‘llagan. Ikki video ham bitta xonada yozib olingan.

Mavzuga oid