Jahon | 08:41 / 01.07.2023
8795
2 daqiqa o‘qiladi

YeI Ukrainaga Rossiyaning muzlatilgan aktivlari bilan yordam berish niyatida

Yevropa Ittifoqining Bryusseldagi sammitida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan olinadigan foydadan maxsus soliq bo‘yicha «siyosiy konsensus»ga erishildi, dedi Belgiya bosh vaziri. Yevropa komissiyasi tez orada tafsilotlarni taqdim etishi kutilmoqda.

Foto: Bloomberg

Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar Bryusselda bo‘lib o‘tgan sammit chog‘ida muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainani tiklash uchun foydalanish usuli bo‘yicha kelishib oldi. Uchrashuv ishtirokchilari ushbu aktivlardan olinadigan foyda uchun maxsus soliq joriy etish bo‘yicha «siyosiy konsensus»ga erishdi, dedi Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kroo 30 iyun, juma kuni. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu yo‘l bilan Ukrainani qayta tiklash uchun har yili 3 milliard yevro yuborish mumkin bo‘ladi.

YeIga a’zo 27 davlatning davlat va hukumat rahbarlari Yevrokomissiyaga qo‘shimcha jihatlarni ishlab chiqishni topshirdi. Uning raisi Ursula fon der Lyayyen tez orada taklif kiritishi kutilmoqda. Shu bilan birga, Bryussel «ehtiyotkorlik bilan» harakat qiladi, dedi fon der Lyayyen, huquqshunoslarning xavotirlariga ishora qilib. 

Shu bilan birga, Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainani qayta tiklash uchun muzlatilgan Rossiya aktivlaridan foydalanish bo‘yicha YeIning tezkor qaroriga ishonmayapti. «Hammasi juda murakkab», dedi u Bryusseldagi tadbirda. Germaniya hukumati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hozircha buning uchun qanday huquqiy imkoniyatlar mavjudligini hech kim bilmaydi, shunga Yevrokomissiyaga bu masalani o‘rganish taklif qilingan. 

Rossiya harbiylarining Ukrainaga bostirib kirishi ortidan Yevropa Ittifoqi Moskvaga qarshi keng ko‘lamli sanksiyalar kiritdi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqidagi cheklovlar doirasida Rossiya Markaziy bankining 200 milliard yevrolik aktivlari va rossiyaliklarning 24,1 milliard yevrolik shaxsiy aktivlari bloklangan. Bryussel muzlatilgan Rossiya aktivlaridan Ukrainani tiklash uchun foydalanishni rejalashtirmoqda, ammo buning uchun Yevropa Ittifoqi qonunchilik to‘siqlarini yengib o‘tishi kerak. 

Mavzuga oid