Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Le Burje ko‘rgazmasi. Yevropada harbiy dronlar ishlab chiqish jadal rivojlanmoqda
Ukrainadagi urush Yevropaning dronlardan foydalanish bo‘yicha qarashini o‘zgartirib, harbiy dronlar yaratish sohasidagi ishlarni tezlashtirdi. Iyun oyi oxirida Fransiyaning Le Burjye aeroportida bo‘lib o‘tgan havo ko‘rgazmasida dronlar asosiy mavzulardan biri bo‘ldi.
Bu, birinchi navbatda, MALE sinfidagi yirik dronlarga taalluqlidir. Bu nom «medium altitude, long endurance» — «o‘rtacha balandlikda uzoq vaqt uchuvchi» degan ma’noni anglatadi.
Bu dronlar Ukrainadagi urush kontekstida juda ko‘p gapirilayotgan va ijtimoiy tarmoqlarda kadrlari ulashilayotgan kichik taktik dronlarga nisbatan ehtimol kamroq ko‘zga tashlanadi. Ammo Le Burjyedagi ko‘rgazmadan aynan ushbu dronlar sinfi hozirda haqiqiy ishlab chiqarish «portlashi»ni boshdan kechirayotganini xulosa qilish mumkin.
MALE dronlari turli o‘lchamlarda bo‘ladi, lekin ularni bajaradigan vazifalari birlashtiradi.
Bu dronlar, birinchi navbatda, ma’lumot to‘plash, kuzatish, nishonni belgilash va razvedka uchun mo‘ljallangan. Bunday qurilmalar ko‘pincha ancha katta bo‘ladi, bu ularga o‘zi bilan qurol olib yurish va yerdagi nishonlarga zarba berish imkonini beradi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini boshida, shuningdek, Qorabog‘dagi harbiy mojaro paytida internetda MALE sinfidagi mashhur dronlardan biri, Turkiyaning Bayraktar TB2 dronining kameralari tomonidan suratga olingan ko‘plab videolar paydo bo‘ldi.
Biroq, bunday qurilmalar havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlaridan juda zaif himoyalangan va shuning uchun ularning zarba berish qobiliyati havo nishonlari bilan faol kurashishga qodir bo‘lmagan qurolli tuzilmalarga qarshi ko‘proq qo‘llanadi.
Aynan shu sabab Ukraina qurolli kuchlari zarbalar berishda TB2 dronidan foydalanishni tezda to‘xtatdi va bu dronlar havo hujumidan mudofaa tizimlari harakati zonasidan tashqarida razvedka bilan shug‘ullana boshladi, chunki bu dronlarning jihozlari uzoq masofadan ham kuzatish imkonini beradi.
Yevropa (xuddi Rossiya kabi) bu sohada ortdan quvayotganlar qatorida edi, ammo endilikda, Le Burjyedagi yangi ishlanmalar soniga ko‘ra, qit’a eng kamida, bu sohadagi liderlar bilan tenglashishga tayyorlanmoqda.
Taqdim etilgan Yevropa loyihalarining xususiyatlari ko‘p jihatdan o‘xshash bo‘lsa-da, aslida ular bir-biri bilan emas, balki AQShning MQ-9 Reaper droni bilan raqobatlashadi. Bu dron 20 yildan ortiq vaqt davomida ishlab chiqarilgan MQ-1 Predator droni asosida yaratilgan va Fransiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya, Polsha hamda Italiya qurolli kuchlarida xizmat qiladi.
Biroq, bunday qurilmalarga bo‘lgan talab tobora ortib bormoqda va kelajakda bozor, katta ehtimol bilan, hamma uchun yetarli bo‘ladi.
Rossiya ham shu sinfdagi dronlarni ishlab chiqmoqda, biroq Le Burje aviashousida ishtirok etmadi. Rossiyaning «Kronshtadt» kompaniyasining «Orion» droni Ukrainadagi urushda qatnashmoqda. Bu dron xususiyatlari haqida juda kam narsa ma’lum: u razvedka va kuzatuv ishlarini olib borish, shuningdek, o‘q-dorilardan foydalanishga qodir.
Fransuzlarning Aarok droni
2023 yilgi Parij havo ko‘rgazmasining yulduzlaridan biri Fransiyaning ilgari mashhur bo‘lmagan Turgis & Gaillard kompaniyasiga tegishli katta Aarok droni bo‘ldi.
Bu qanotlari kengligi 20 metrdan oshiq, 2,7 tonna foydali yukni ko‘tara oladigan ancha katta qurilma. Bu juda katta ko‘rsatkich bo‘lib, masalan, asosiy modifikatsiyadagi MiG-29 qiruvchi samolyoti ko‘taruvchi yuk hajmiga mos keladi.
Biroq, bu dronning xususiyatlari hozircha faqatgina nazariy jihatdan e’lon qilingan. Turgis & Gaillard kompaniyasi vakillari BBC nashriga aytishicha, ushbu dronning birinchi parvozi 2023 yil oxirigacha amalga oshirilishi kerak.
Shuning uchun, uning ko‘pgina xususiyatlari hali ommaga e’lon qilinmagan, masalan, uchish balandligi. Boshqa jihatlar, xususan, kunlik parvoz davomiyligi esa e’lon qilingan — taxminan 24 soatdan 30 soatgacha.
Kompaniya Aarok droni MALE sinfidagi birinchi Yevropa droni bo‘lishini e’lon qildi, biroq aslida Yevropada ishlab chiqishning oxirgi bosqichlarida bo‘lgan boshqa loyihalar ham mavjud. Shunga qaramay, agar Aarok e’lon qilingan xususiyatlarga ega holda ommaviy ravishda ishlab chiqarilsa, u bozorda katta talabga ega bo‘lishi mumkin.
Qandaydir jangovar xususiyatlar haqida gapirishga hali erta, chunki kompaniya hozirda nafaqat uskunalar va qurollarni sinab ko‘rmoqda, balki dronning o‘zi borasida ham sinovlar o‘tkazmoqda.
Ammo Le Burjedagi ekspozitsiyada, dron oldidagi alohida stendda, yuqori balandlikda razvedka va kuzatuv ishlarini olib borish hamda lazer yordamida nishonlarini belgilash imkonini beruvchi turli datchiklar bilan jihozlangan Safran elektro-optik tizimi namuna sifatida taqdim etilgan. Ushbu datchiklar dronning pastki qismiga o‘rnatiladigan bitta blokka birlashtirilgan.
Turgis & Gaillard — bu bozordagi samolyot ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar va hatto konsorsiumlarga qarshi turadigan xususiy kompaniya. Biroq, bunday korxonalar salohiyatini past baholamaslik kerak, buning uchun Turkiyaning Baykar kompaniyasi va uning muvaffaqiyatli Bayraktar loyihasini eslash kifoya.
Butun dunyo bo‘ylab
Le Burjyedagi yana bir Yevropa dron loyihasi Airbus, Dassault Aviation va Leonardo kabi gigantlar tarkibiga kirgan Germaniya-Fransiya-Italiya-Ispaniya konsorsiumi tomonidan taqdim etildi. Ularning uchuvchisiz samolyoti Eurodrone deb atalgan va ular aviasalonga dronning prototipini olib kelgan.
Bu qanotlari kengligi 30 metr, foydali yuk ko‘tarish hajmi 2,3 tonna bo‘lgan yanada kattaroq apparat.
Bu ikki dvigatelli dron, ishlab chiqaruvchining veb-saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, maksimal 13 kilometr balandlikka ko‘tariladi va havoda 40 soatgacha tura oladi.
Foto: AFP
Eurodrone birinchi parvozini Aarok’dan keyinroq, 2027 yilda amalga oshiradi va uni keng ko‘lamda ishlab chiqarish ikki yil o‘tib boshlanishi rejalashtirilgan. Biroq, aviatsiya dasturlarida bo‘lgani kabi, bu muddat «o‘ngga» siljishi va amalda sinov va ishlab chiqarish yanada keyinroq boshlanishi mumkin.
Ishlab chiqaruvchilar ta’kidlashicha, ular tezligi bo‘yicha raqobatchilaridan ortda qolmaydigan, juda tinch uchuvchi qurilmani ishlab chiqishi kerak.
Bu ikki dron 1,7 tonna foydali yukni 15 kilometr balandlikkacha ko‘tara oladigan va havoda 27 soatgacha qoladigan MQ-9 Reaper droni bilan bemalol raqobatlasha oladi.
Ammo bulardan tashqari, Yevropada MALE sinfidagi boshqa kichikroq uchuvchisiz qurilmalarni ishlab chiqish ham davom etmoqda. Ular ham Le Burjyedagi ko‘rgazmada namoyish etildi.
Falco Xplorer — qurollangan va xavfli
Italiya 2010-yillar boshidan beri o‘rta balandlikda uchuvchi dronlar bozorida o‘z o‘rniga ega bo‘lishga harakat qilmoqda. Piaggio kompaniyasi shunchaki, biznes-samolyotni harbiy dronga aylantirish orqali ancha noodatiy bo‘lgan P.1HH HammerHead dronini ishlab chiqardi. Ammo bu qurilma katta hajmdagi ishlab chiqarishgacha yetib bormadi.
Endi allaqachon boshqa italyan kompaniyasi Leonardo ko‘rgazmaga Falco Xplorer dronini olib kelgan.
HammerHead singari, bu dron ham dastlab tinch maqsadlar uchun mo‘ljallangan, ammo Piaggio samolyotidan farqli o‘laroq, u hech qachon yo‘lovchi samolyoti bo‘lmagan, boshidanoq dron sifatida qurilgan. Ushbu dronning vazifasini, ya’ni havodan kuzatish ishlarini olib borishni ikki tomonlama (ham harbiy, ham fuqarolik) deb hisoblash mumkin.
Bunday drondan allaqachon 60 dona ishlab chiqarilgan, shuning uchun uni yangi qurilma deb atash qiyin. Ammo Leonardo kompaniyasi Le Burjyedagi aviashouga qurilmaning oddiy harbiy versiyasini emas, balki Britaniyaning Brimstone raketasi bilan qurollangan versiyasini olib keldi. Bu raketalar ularni Rossiya qo‘shinlariga qarshi ishlatuvchi Ukraina armiyasida xizmat qiladi.
Defence News nashri havo ko‘rgazmasidan olingan reportajida ta’kidlaganidek, ushbu loyiha Italiyaning uchuvchisiz samolyotlardan sof razvedka vazifalarida foydalanish, ularni qurollantirishdan voz kechish haqidagi an’analariga zid.
Reportaj muallifining so‘zlariga ko‘ra, bozorga 2025 yilda chiqarilishi rejalashtirilgan ushbu qurilma birgina italiyaliklarni emas, balki boshqa mamlakatlar, birinchi navbatda, Brimstone raketalaridan foydalanadigan davlatlarni ham qiziqtiradi. Ular orasida Buyuk Britaniyadan tashqari Saudiya Arabistoni, Qatar, Germaniya va yaqin vaqtdan boshlab Ukraina ham bor.
Dronlar bozori
Dunyoda o‘rta balandlikda, uzoq vaqt uchuvchi dronlar ishlab chiqishning haqiqiy «portlashi» kuzatilmoqda va Le Burjyeda ushbu loyihalarga qo‘shimcha ravishda allaqachon mavjud qurilmalar ham namoyish etildi.
Masalan, yaqin kelajakda fransuz armiyasiga xizmatga kirishni boshlaydigan Safran Patroller droni. Bu nisbatan kichik qurilma bo‘lib, foydali yuk ko‘tarish miqdori 10 kilogrammni tashkil etadi hamda maksimal to‘rt kilometr balandlikda 15 soat parvoz qiladi.
Uning xususiyatlari Yevropada ishlab chiqarilayotgan yirikroq dronlarnikidan farq qiladi, lekin u ham MALE sinfiga kiradi va nafaqat razvedka uskunalarini, balki qurollarni ham olib yurishga qodir.
Turkiyaning TUSAŞ davlat kompaniyasi (Turk aviatsiya va koinot sanoati – TAI) Le Burjye ko‘rgazmasida birdaniga ikkita dronni namoyish etdi, kompaniya vakilining ta’kidlashicha, bu dronlar mashhur Bayraktar’dan katta o‘lchamlari va vazifalari bilan farq qiladi.
Ulardan biri — Anka 1 droni birinchi parvozini 2010 yilda amalga oshirgan va bir qancha mamlakatlarga, jumladan Qozog‘iston, Jazoir, Malayziyaga eksport qilingan. Ushbu qurilma Bayraktar’dan kattaroq bo‘lsa-da, uning xususiyatlarini o‘rtacha deb hisoblash mumkin — maksimal parvoz balandligi to‘qqiz kilometr, foydali yuk massasi esa atigi 200 kilogramm.
Ko‘rgazmaga qo‘yilgan ikkinchi turk droni — Aksungur ancha kattaroq bo‘lib, maksimal parvoz balandligi 12 kilometrni, parvoz davomiyligi 12 soatni, foydali yuk hajmi esa 250 kilogrammni tashkil etadi.
TAI havo ko‘rgazmasida o‘zining uchinchi, yanada kattaroq dronini ham namoyish etdi, ammo faqat hajmli model (ya’ni model haqiqiy qurilmaning hajmini aks ettiradi, masalan model 1:43 bo‘lsa, bu haqiqiy qurilma modeldan 43 baravar katta degani) ko‘rinishida. Biroq, kompaniya vakillarining so‘zlariga ko‘ra, dron o‘zining birinchi parvozini juda yaqin vaqt ichida amalga oshiradi. Uning sxemasiga ko‘ra, dron radar signallarida ko‘rinishni kamaytiradigan texnologiyalardan foydalangan holda ishlab chiqiladi.
Baykar xususiy kompaniyasi singari yirik davlat korporatsiyasi TAI ham MALE sinfidagi dronlarni yaratishga katta sarmoya kirityapti. Turkiya AQSh va Isroil kabi boshqa davlatlar bilan bir qatorda bunday dronlarni ishlab chiqarish bo‘yicha jahon yetakchilaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Biroq, Le Burjyedagi eksponatlarga qaraganda, uzoq yillik aviasanoat an’analariga ega bo‘lgan Yevropa mamlakatlari tezda oldinga ildamlab, bu sohada ortda qolishni kamaytirishi mumkin.
Mavzuga oid
15:51 / 17.06.2026
Rossiya ichkarisiga dron hujumlari bilan Ukraina nimaga erishyapti?
22:31 / 16.06.2026
Zelenskiy Rossiyaga «dahshatli qish» bilan tahdid qildi
22:16 / 16.06.2026
Vatikan va «yahudiylar lobbisi» Putinni aldadi - Lukashenko
19:49 / 16.06.2026