Jahon | 09:26 / 04.07.2023
10539
2 daqiqa o‘qiladi

Finlandiya Rossiya bilan faol ish olib borishda davom etmoqda

Yle media kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvga ko‘ra, Finlandiya Rossiyaning tog‘-kon sanoati va metallni qayta ishlash sanoatiga uskunalar yetkazib beryapti.

Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishdan so‘ng Finlandiya kompaniyalari Rossiyaga kamida 1,5 milliard dollarlik mahsulot yetkazib berdi, deb xabar bermoqda Finlandiyaning Yle media kompaniyasi 3 iyul, dushanba kuni bojxona statistikasiga tayanib. Mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bundan ham katta, chunki statistik ma’lumotlarga Rossiya bilan savdo qiluvchi kompaniyalarning faqat bir qismi kiritilgan. 

2022 yil 24 fevraldan keyin bu mamlakatdagi o‘z faoliyatini to‘xtatish niyatini e’lon qilgan firmalar ham Rossiya bilan savdoni davom ettirdi. Misol uchun, tog‘-kon, qayta ishlash va metallni qayta ishlash sanoatini texnologiya va asbob-uskunalar bilan ta’minlaydigan Metso Outotec kompaniyasi to‘liq bosqindan bir hafta o‘tgach, Rossiyaga o‘z mahsulotlarini yetkazib bermasligini e’lon qildi. Aslida, bunday yetkazib berish yana bir necha oy davom etdi va uning mijozlari orasida Tayshet alyuminiy zavodi va «Udokanskaya med» bor edi. 

Finlandiya kompaniyalari Rossiya bilan savdo qilishda hatto qonunni ham buzmadi - sanksiyalar uchun mas’ul bo‘lgan Finlandiya Tashqi ishlar vazirligidan Pia Sarivaaraning so‘zlariga ko‘ra, ular 50 foizdan kam qismi rossiyaliklarga tegishli bo‘lgan kompaniyalar bilan qonuniy ravishda savdo qilishi mumkin.

Shu bilan birga, Finlandiya bosqindan keyin Rossiyadan sezilarli miqdorda energiya va kimyoviy moddalar import qildi. Finlandiyaning Gasum davlat kompaniyasi Rossiyadan suyultirilgan gazni kamida 600 million yevroga sotib oldi. «Finlandiyadan ehtiyot qismlar va texnologiyani eksport qilish orqali Rossiya urush paytida zarur bo‘lgan xomashyoni ishlab chiqarishi mumkin bo‘ladi, bu esa urush mashinasini bevosita qo‘llab-quvvatlaydi», dedi Rossiya energetika siyosati professori Veli-Pekka Tyunkkyunen Yle nashriga.

Mavzuga oid