Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Finlandiya AQShni Ukrainaga kafolatlarni ehtiyotkorlik bilan ta’riflashga chaqirdi
Finlandiya TIV rahbari fikricha, Kiyevga 5-moddaga o‘xshash xavfsizlik kafolatlarini taklif qilish NATO ichidagi kafolatlar bilan ikki tomonlama kelishuvlarni aralashtirib yuborishi mumkin.
Foto: Getty images
Finlandiya AQShni Rossiyaning harbiy bosqiniga qariyb to‘rt yildan beri qarshi turgan Ukrainaga bo‘lajak xavfsizlik kafolatlarini NATO shartnomasining 5-moddasiga o‘xshash deb atashdan tiyilishga chaqirdi. Bu haqda Politico 4 fevral kuni AQSh Davlat departamentining o‘z ixtiyoriga tushgan diplomatik depeshasiga tayanib xabar qildi.
20 yanvarga taalluqli hujjatda Finlandiya tashqi ishlar vaziri Elina Valtonenning AQSh Kongressi Vakillar palatasi Qurolli kuchlar qo‘mitasining ikki vakili bilan suhbati mazmuni bayon etilgan. Nashrga ko‘ra, Valtonen Kiyevga “5-moddaga o‘xshash” kafolatlar taklif qilishdan ogohlantirgan, chunki bu NATO doirasidagi kafolatlar bilan Ukraina va uning ittifoqchilari o‘rtasidagi ikki tomonlama kelishuvlarni aralashtirib yuborishi mumkin.
NATO nizomining 5-moddasiga binoan, alyans a’zolaridan biriga qurolli hujum qilinsa, bu barchaga qarshi hujum sifatida baholanadi va har bir a’zo hujumga uchragan tomonga yordam ko‘rsatadi.
Politico nashri keltirishicha, NATO va Ukraina uchun bo‘lajak kafolatlar o‘rtasida “devor” bo‘lishi kerak, degan fikrni Valtonen bildirgan. Nashr ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv 20 yanvarda o‘tgan, ammo keyinroq Finlandiya mudofaa vaziri Antti Hakkanen ham shunga o‘xshash pozitsiyani bildirgan.
Finlandiya TIV idorasi maxfiy muzokaralarga izoh bermasligini Politico’ga nomi oshkor etilmagan fin rasmiysi ma’lum qildi. Uning aytishicha, Helsinkining maqsadi — “Ukraina barqaror va uzoq muddatli tinchlikni ta’minlash uchun imkon qadar ishonchli xavfsizlik choralari va kafolatlarini olishini ta’minlash”. “Finlandiya pozitsiyasiga ko‘ra, Ukrainaning kelajagi — NATOda”, — dedi manba. AQSh Davlat departamenti esa nashr materialini izohlashdan bosh tortdi.