O‘zbekiston | 17:40 / 05.07.2023
22216
3 daqiqa o‘qiladi

Trendda “moyka”chilar. Ohangaronda Tracker olib qochilgan

Kuni kecha Toshkent va Samarqand shaharlarida avtoyuvish shoxobchalari ishchilari mijozlarning avtomobillarini haydab, YTH sodir etgandi. Kun.uz'ga ma’lum bo‘lishicha, shunday holat Ohangaronda ham ro‘y bergan. Lekin u yerdagi huquqbuzar 1 oydan beri topilmayapti.

Foto: Kun.uz

Toshkent viloyati Ohangaron tumanida yashovchi Shahzod Musayev Kun.uz'ga murojaat qilib, 2023 yil 30 may kuni mashinasi avtomobil yuvish shoxobchasi ishchisi O.Y. tomonidan olib qochilgani va u yo‘l-transport hodisasi sodir etganini ma’lum qildi.

Musayevning aytishicha, u boshqaruvidagi Trasker-2 mashinasini yuvdirish uchun Ohangarondagi avtoyuvish shoxobchasida qoldirgan. Bir muddat o‘tgach, uning tanishlari mashinasini begona shaxs boshqarib, xavfli harakatlar qilib avariya sodir etganini xabar qilishadi.

“Tanishlarimning gapiga ishonmay, "moyka"ga yetib bordim. Mashina joyida yo‘q ekan. Uch-to‘rt kilometr narida mashinamni ag‘darilib yotgan holatda topdim. O‘sha zahoti ichki ishlar idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, mashinam shoxobcha ishchisi tomonidan olib qochilgani, natijada "avariya" sodir bo‘lganini aytdim. YPX xodimlari kelib holatni o‘rgandi va mashinamni jarima maydonchasiga olib ketishdi.

Hozirgi vaqtda mashinamni olib qochib, avariya sodir qilgan O.Y. qochib ketgan. Unga hech kim chora ko‘rmayapti. Qayerdaligi ham noma’lum.

O‘zim o‘rtoqlarim bilan mustaqil tarzda "moyka"chi yigitni izladik. Eshitishimcha, u Toshkent shahridagi qaysidir zavodda ishlab yurgan ekan.

Bir necha marta ichki ishlar idoralariga, prezident portaliga ariza bilan murojaat qildim. Biroq hech qanday harakat, natija yo‘q”, – deydi Shahzod Musayev.

Huquqbuzar voqea joyida. U ichki ishlar xodimlari kelib, hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida ishtiroki etgan, lekin keyinchalik topilmay qolgan.

Jabrlanuvchi holat bo‘yicha ichki ishlar idoralarida ma’muriy yoki jinoiy ish ochilgan-ochilmaganini ham bilmaydi. Yetkazilgan zarar haqida ham gap-so‘z yo‘q.

“Nahotki, bir oydan oshiq vaqt o‘tibdiki, mashinamni roziligimsiz boshqarib, menga katta moddiy zarar yetkazgan shaxsni topishning iloji yo‘q? Axir uning shaxsi, doimiy yashash manzili ichki ishlar idoralariga ma’lum-ku”, – deydi Musayev.

 

Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash holatlar avvalroq Toshkent va Samarqand shaharlarida ham ro‘y bergandi.

3 iyul kuni Toshkentda avtoyuvish shoxobchasi ishchisi mijozning Gentra avtomobilini haydab ketib, YPX xodimlaridan qochgan, xodimlar uni to‘xtatish uchun quroldan o‘q uzgan, haydovchi mashinani boshqa bir Gentra'ga borib urgancha to‘xtagan edi.

Samarqand shahrida esa 24 iyun kuni avtoyuvish shoxobchasi ishchisi mijozning Hyundai Santafe avtomobilini o‘zboshimchalik bilan boshqarib, Epica va Lacetti avtomobillari bilan to‘qnashgandi.

Mavzuga oid