O‘zbekiston | 09:28 / 06.07.2023
9130
2 daqiqa o‘qiladi

Pedagogik faoliyatga oid ish staji qanday aniqlanishi ma’lum qilindi

Agar abituriyent 5 yillik pedagogik stajga ega bo‘lsa-yu, lekin tizimda bu tasdiqlanmasa o‘zi faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasiga (maktabga) murojaat qilishi lozim.

Pedagogik faoliyatga oid ish staji qanday aniqlanishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Bilimni baholash agentligi kanali xabariga ko‘ra, sirtqi ta’lim shaklidagi quyidagi ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun pedagogik faoliyatga oid kamida 5 yillik ish staji talab etiladi:

  • boshlang‘ich ta’lim;
  • tasviriy san’at va muhandislik grafikasi;
  • musiqa ta’limi;
  • jismoniy madaniyat;
  • texnologik ta’lim.

Ushbu ta’lim yo‘nalishlariga xalq ta’limi tizimida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lib, hozirda ushbu tizimda faoliyat ko‘rsatib kelayotgan pedagog xodimlar abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Abituriyentlarning mazkur toifaga kirish yoki kirmasligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining tegishli axborot tizimi orqali aniqlanadi.

Abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan vaqtda vazirlikning axborot tizimiga real vaqt rejimida so‘rov yuborilib, 5 yillik pedagogik stajga ega ekani tasdiqlangan abituriyentlarga ushbu yo‘nalishlarni tanlashga ruxsat beriladi.

Agar abituriyent 5 yillik pedagogik stajga ega bo‘lsa-yu, lekin tizimda bu tasdiqlanmasa o‘zi faoliyat yuritayotgan ta’lim muassasasiga (maktabga) murojaat qilishi lozim.

Boshqa ta’lim yo‘nalishlari uchun esa pedagogik faoliyatga oid staj talab etilmaydi va ularga istalgan abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

Mavzuga oid