“Pedagog kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2025-2026 o‘quv yilidan pedagog kadrlar tayyorlash bo‘yicha:
- pedagog kadrlarni tayyorlash faqat kunduzgi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha tashkil etilib, sirtqi ta’lim shakliga qabul amalga oshirilmaydi;
- oliy pedagogik ta’lim yo‘nalishida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni litsenziyalash Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi xulosasi asosida amalga oshiriladi.
2025-2026 o‘quv yilidan xorijiy mutaxassislarni jalb qilgan holda universitetning xalqaro ta’lim dasturlari joriy etilgan ta’lim yo‘nalishlarida dars berish uchun professor-o‘qituvchilarni tanlab olish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
2026-2027 o‘quv yilidan alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga ta’lim-tarbiya berish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida “Gospital pedagogika” magistratura mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.
2026 yil 1 sentabrdan respublikadagi mavjud pedagogika texnikumlarining o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim dasturlari bosqichma-bosqich joriy qilinadi.















