Jahon | 12:57 / 06.07.2023
17340
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya samolyotlari Suriya osmonida AQSh dronlarini ta’qib qildi

AQSh Harbiy-havo kuchlariga ko‘ra, Suriyadagi Rossiya qiruvchi samolyotlari IShIDga qarshi missiyadagi Amerika dronlariga nisbatan xavfli manyovrlar qilgan.

Foto: skynews

Rossiya qiruvchi samolyotlari 5 iyul, chorshanba kuni Suriya osmonida Amerika dronlariga xavfli darajada yaqin uchib o‘tib, ularning marshrutdan og‘ishiga sabab bo‘ldi, deb xabar berdi AQSh Harbiy-havo kuchlari.

AQSh Harbiy-havo kuchlari markaziy qo‘mondonligi Rossiyaning Su-35 samolyoti Amerika MQ-9 Reaper droniga yaqinlashayotgani aks etgan videoni e’lon qildi. Keyin dronning parvoz yo‘li bo‘ylab harakatlanayotgan bir nechta parashyutli raketalar ko‘rsatilgan.

«AQShning uchta MQ-9 uchuvchisiz uchoqlari IShIDga qarshi missiyani amalga oshirayotgan bir paytda Rossiyaning uchta qiruvchi samolyoti ularni ta’qib qila boshladi», dedi AQSh Harbiy-havo kuchlari general-leytenanti Aleksus Grinkevich. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya samolyotlari dronlar oldiga bir nechta parashyutli signal raketalarini tashlagan va «bir rossiyalik uchuvchi o‘z samolyotini MQ-9 oldiga joylashtirib, forsaj kamerani yoqdi hamda shu bilan operatorning dronni xavfsiz boshqarish imkoniyatini pasaytirdi». 

Grinkevich Rossiya qiruvchilarining uchuvchisiz uchoqlarga qarshi manyovrlarini «xavfsiz va noprofessional» deb atadi va Moskvani «bu harakatni to‘xtatishga» chaqirdi. 

Mavzuga oid