O‘zbekiston | 07:49 / 07.07.2023
2533
2 daqiqa o‘qiladi

Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi funksiyalari kengaytirilmoqda

Foto: Kun.uz

Vazirlar Mahkamasining “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniy meros sohasida davlat boshqaruvi takomillashtirilishi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi faoliyatiga oid hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zgartirishlarga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi quyidagi qo‘shimcha funksiyalarni amalga oshiradi:

Madaniy meros agentligi faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar berish;

davlat budjeti mablag‘lari hisobidan asrashga doir ishlar amalga oshiriladigan moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk obektlarining har yillik manzilli ro‘yxatini ko‘rib chiqish hamda kelishish;

Madaniy meros agentligi tizimidagi tashkilotlarning rahbarlari faoliyati samaradorligining asosiy ko‘rsatkichlari (indikatorlari)ni monitoring qilib borish.

Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasi bosh vazir tomonidan tasdiqlanadi. 

Respublika bolalar kutubxonasi Maktabgacha ta’lim va maktab ta’limi vazirligidan jamg‘arma tizimiga o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, YuNeSKO ishlari Milliy komissiyaning yangi tarkibi tasdiqlanmoqda: Jamg‘arma raisi lavozimi bo‘yicha Milliy komissiya raisi etib belgilanmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid