Jahon | 18:35 / 10.07.2023
11515
2 daqiqa o‘qiladi

Yer aholisi 8 milliarddan oshganiga qaramay, kamayishni boshladi

Dunyo aholisining 7 dan 8 milliard kishiga ko‘payishi uchun 12 yil kerak bo‘ldi, ammo 9 milliard kishiga yetishi uchun taxminan 15 yil kerak bo‘ladi.

Foto: AP

Sayyoradagi demografik o‘sishning pasayishiga qaramay, dunyo aholisi 8 milliarddan oshib ketdi. Har yili 11 iyul kuni butun dunyoda «Butunjahon aholi kuni» nishonlanadi. Tegishli qaror 1989 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan aholi bilan bog‘liq muammolarga e’tibor qaratish maqsadida qabul qilingan.

BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) har yili 11 iyul kuni aholi va rivojlanish muammolaridan xabardorlikni oshirish, bu boradagi muhim masalalarga e’tiborni qaratish maqsadida turli tadbirlar o‘tkazadi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 1999 yilda dunyo aholisi 6 milliardga, 2011 yilda 7 milliardga, 2022 yilda esa 8 milliardga yetgan.

O‘sish sog‘liqni saqlash, ovqatlanish, shaxsiy parvarish va tibbiyotni yaxshilash orqali inson umrining asta-sekin uzayishi bilan bog‘liq. Bu, shuningdek, ba’zi mamlakatlarda tug‘ilishning yuqori va barqarorligi natijasidir.

Dunyo aholisining 7 dan 8 milliard kishiga ko‘payishi uchun 12 yil kerak bo‘ldi, ammo 9 milliard kishiga yetishi uchun taxminan 15 yil kerak bo‘ladi (2037 yilda), bu butun dunyo aholisi o‘sish sur’atining sekinlashuvidan dalolat beradi.

2023 yil hisobotiga ko‘ra, dunyodagi eng ko‘p aholi yashaydigan davlat Hindiston hisoblanadi – 1 milliard 428 million 600 ming kishi. Keyingi o‘rinlarda 1 milliard 425 million 700 ming aholiga ega Xitoy va 340 million aholiga ega AQSh turadi.

Erkaklar uchun o‘rtacha umr ko‘rish 71 yosh, ayollar uchun 76 yosh deb belgilangan.

UNFPA ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo aholisining o‘sishi 8 mamlakatda - Kongo Demokratik Respublikasi, Misr, Efiopiya, Hindiston, Nigeriya, Pokiston, Filippin va Tanzaniyada yuqori sur’atlarga chiqadi. 2050 yilga borib bu davlatlar dunyo aholisining prognoz qilinayotgan o‘sishining yarmini tashkil qilishi kutilmoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid