Orixivga aviabomba tashlanishi va Baxmut atrofidagi janglar. Urush suratlari
Ukrainada urushning 502-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- «Meduza» va «Mediazona» tadqiqoti ko‘rsatishicha, Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi keng ko‘lamli urushda 47 ming rossiyalik askar halok bo‘lgan.
- Fransiyaning Liberation gazetasi Putin 1 iyul kuni Prigojin va «Vagner» XHK komandirlari bilan uchrashgani haqida xabar berdi. Kreml buni tasdiqladi — lekin uchrashuv o‘tkazilgan kuni Dmitriy Peskov Prigojin ayni vaqtda qayerdaligi haqida hech narsa bilmasligini aytgandi.
- Rossiya Zaporijjya oblastining front yaqinidagi Orixiv shahrida insonparvarlik yordami tarqatilgan maktabga aviazarba berishi oqibatida yetti kishi halok bo‘ldi.
- Krasnodarda safarbarlik ishlari bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i o‘rinbosari Stanislav Rjitskiy o‘ldirildi. Hozirda gumonlanuvchilarning shaxsi aniqlanmoqda. Rjitskiy ukrainlarning «Mirotvorets» sayti bazasiga kiritilgan, ukrain nashrlari esa uni 2022 yil 14 iyulida Vinnitsaga zarba yo‘llangan Rossiya suvosti kemasi kapitanlari ro‘yxatiga qo‘shgan. O‘shanda 27 kishi halok bo‘lgandi.
Kunning asosiy voqeasi. Orixivga zarba
10 iyul tongida Rossiya qo‘shini Zaporijjya oblastining front bo‘yidagi Orixiv shahriga boshqariluvchi aviabomba tashladi. U maktab hududiga qulagan, bu vaqtda bu yerda tinch aholi vakillari insonparvarlik yordami olishayotgandi. Ukraina FVDXning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, yetti kishi halok bo‘lib, 13 kishi yaralangan.
RF mudofaa vazirligi o‘z svodkasida ma’lum qilishicha, Orixiv hududida «Ukraina QK 47-mexanizatsiyalashgan brigadasi qo‘mondonlik punkti nishonga olingan».
Quyida shaharning zarbadan keyingi manzaralari aks etgan suratlar.
Ukraina harbiylarining Baxmut atrofidagi pozitsiyalari
Donetsk oblasti Baxmut shahri atrofida qariyb bir yil oldin boshlangan qaqshatqich janglar davom etmoqda. Ukraina qurolli kuchlari Quruqlik qo‘shinlari qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy 10 iyul kuni «dushman tuzoqqa tushgani, shahar Mudofaa kuchlari tomonidan olov nazoratiga olingani», Baxmut yo‘nalishidagi Rossiya qo‘shinlari «pozitsiyalaridan uloqtirib tashlanayotgani» haqida aytdi. Rossiya tomoni bu ma’lumotlar yuzasidan izoh bermagan.
Ukraina QK Bosh shtabidan ma’lum qilishlaricha, iyul oyining birinchi haftasida ukrain harbiylari Baxmut yo‘nalishida 4 kvadrat kilometr hududni ozod etgan, qarshi hujum boshlanganidan buyon bu hududda jami 24 kvadrat kilometr hudud nazorat ostiga qaytarilgan. RF mudofaa vazirligi 5 iyul kuni rossiyalik desantchilar «Ukraina qurolli kuchlariga mudofaa ichkarisi tomon bir metrga ham siljishga imkon bermayotgani»ni xabar qilgandi.
Ibodatxonaga kelgan dindorlar ukrain askarlari uchun kamuflyaj to‘rlari to‘qimoqda
Dniproning okkupatsiya ostidagi sohilida suv toshqini oqibatlari
Kaxovka GES to‘g‘oni vayron bo‘lganidan keyin Dnipro daryosining ikki sohilida o‘nlab shahar va qishloqlar to‘liq yoki qisman suv ostida qoldi. Ko‘ngillilar Dniproning chap sohilida, Rossiya qo‘shini tomonidan okkupatsiya qilingan hududlarda Moskva tomonidan tayinlangan mahalliy rasmiylar ularga tinch aholi vakillarini qutqarish uchun o‘tkazmayotgani va ularning o‘zlari ham evakuatsiya ishlarini uddalay olmayotganini xabar qilgandi.
Xerson oblastining anneksiya qilingan qismiga tayinlangan «hukumat» vakili Andrey Alekseyenkoning 21 iyun kuni berilgan ma’lumotiga ko‘ra, Dniproning chap sohilida 41 kishi halok bo‘lgan. Tibbiyot xodimlari 121 kishi jabrlangani haqida xabar bergan.
Regiondagi ko‘plab aholi yashash manzillari hamon suv toshqini oqibatlaridan jabr ko‘rmoqda. Quyida ushbu hududlarda nimalar bo‘layotgani aks etgan suratlar.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024