Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Vinnitsa raketa hujumiga uchradi. Kamida 22 kishi halok bo‘lgan, ularning uch nafari bolalar
Ukraina hukumati hujum qurbonlari soni 22 nafarni tashkil etayotganini ma’lum qilgan. Halok bo‘lganlarning uch nafari bolalar. Qurbonlar soni o‘sishda davom etmoqda.
14 iyul kuni Vinnitsa shahri markaziga berilgan raketa zarbalari qurbonlari soni kamida 20 kishini tashkil etmoqda, Ukraina prezidenti ofisi rahbari o‘rinbosari Kirill Timoshenko qurbonlarning uch nafari bolalar ekanini ma’lum qilgan. Shuningdek, 90 kishi yaralangani ma’lum, 15 kishi bedarak yo‘qolgan.
Raketa zarbasi mahalliy vaqt bilan soat 10:45 da amalga oshirildi, uchta raketa ofislar binosi, Ofitserlar uyi, turar joy binolari va «Yubileyniy» maishiy xizmat ko‘rsatish uyi oldidagi avtoturargohga kelib tushgan.
«Zarbaga uchragan joylarda yong‘in yuzaga kelgan, olov avtoturargoh bo‘ylab tarqalgan. Ayni vaqtda 50 ga yaqin avtomobil yonmoqda. Qutqaruvchilar olovni o‘chirishga urinmoqda», deyiladi shahar kengashi ma’lumotida.
Ukraina havo kuchlari qo‘mondonligi vakili Yuriy Ignatning so‘zlariga ko‘ra, Vinnitsaga uchta «Kalibr» rusumli qanotli raketalar bilan zarba berilgan. Uning aytishicha, raketalar Qora dengiz akvatoriyasidagi suvosti kemasidan uchirilgan, to‘rtta raketani Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimi to‘xtatib qolgan.
Prezident Zelenskiy Vinnitsaning o‘qqa tutilishini «ochiq terrorchilik akti» deb atadi.
«Rossiya har kuni tinch aholini yakson etmoqda, ukrain bolalarini o‘ldirmoqda, raketalarini hech qanday harbiy bo‘lmagan fuqarolik obektlariga yo‘naltirmoqda. Bu ochiqchasiga terrorchilik hujumi bo‘lmasdan yana nima? Yovvoyilar. Qotil-mamlakat. Terrorchi-mamlakat», - deya yozdi u o‘z rasmiy telegram-kanalida.
Vinnitsaga hujum Haagadagi konferensiya vaqtida amalga oshirildi, Ukraina TIV rahbari Dmitro Kulebaning ma’lum qilishicha, bu konferensiya Ukraina hududidagi harbiy jinoyatlar uchun RFning javobgarligiga bag‘ishlangan.
«Ukrainaning har bir tomchi qoni va har bir tomchi ko‘z yoshi uchun rossiyalik harbiy jinoyatchilarni javobgarlikka tortamiz», deya yozdi u.
Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak shaharlardagi tinch aholi vakillariga zarba berish - xatolik emas, «Rossiyaning tasdiqlangan harbiy strategiyasi» ekanini aytdi.
«Rossiya Ukraina qurolli kuchlarini jang maydonida yenga olmayapti, shuning uchun varvarlikka qo‘l urmoqda: teraktlar, infratuzilmalar yo‘q qilinishi, tinch fuqarolar qirg‘in qilinishi», deya yozdi u tvitterida.
Vinnitsa Ukrainaning markaziy qismida joylashgan.
Rossiya hukumati va mamlakat qurolli kuchlari muntazam ravishda fuqarolik obektlariga hujum qilinayotgani bo‘yicha ayblovlarni rad etib keladi va raketa zarbalari faqat harbiy infratuzilmalarni nishonga olishini ta’kidlaydi.
RF mudofaa vazirligi hozircha ushbu hujum bo‘yicha izoh bermagan. RT bosh muharriri Margarita Simonyan vazirlikdan harbiylar qayerga zarba bergani bo‘yicha ma’lumot so‘raganini aytgan. Unga shunday javob berishgan: «Ofitserlar uyi, u yerda nasiklar vaqtincha joylashishgandi».
Bunga dalil sifatida quyidagi skrinshotni keltirishgan.

Ukraina va Rossiya nashrlarida esa Ofitserlar uyi — harbiy obekt emas, madaniy markaz ekani keltirilgan. 14 iyul kuni bu yerda ukrainalik qo‘shiqchi Roxolana (haqiqiy ismi — Roksolana Sirota) konsert berishni rejalashtirgandi. U Vinnitsaga raketa zarba berilishi vaqtida jamoasi a’zolaridan biri halok bo‘lib, yana biri og‘ir yaralanganini ma’lum qilgan.
Vinnitsa oblasti prokuraturasi qasddan qotillik bilan bog‘liq ravishda urush qonunlari va urf-odatlari buzilishi bo‘yicha (Ukraina JK 438-moddasi, 2-qismi) tergov boshlagan.
Ukraina favqulodda vaziyatlar bo‘yicha davlat xizmati Vinnitsadagi vayrongarchiliklar aks etgan suratlarni namoyish etdi.






Mavzuga oid
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
20:34 / 19.06.2026
Kapotnyadagi zavodga Rossiya raketasi tushgani ma’lum qilindi
18:17 / 19.06.2026
Solovyov dronlar hujumini tasvirga olganlarni qamashni talab qildi
08:58 / 19.06.2026