Jahon | 10:09 / 13.07.2023
5717
3 daqiqa o‘qiladi

G7 Ukraina xavfsizligi bo‘yicha himoya choralarini e’lon qildi

Vilnyusdagi NATO sammitida G7 davlatlari Ukrainaga xavfsizlikni ta’minlash uchun har tomonlama va uzoq muddatli yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi. 

Foto: Adrian Wyld/The Canadian Press via AP

«Katta yettilik» davlatlari Ukrainaning uzoq muddatli xavfsizligini ta’minlash uchun keng qamrovli choralar ko‘radi. Bu NATOning Vilnyusdagi sammitining yakuniy kuni – 12 iyul, chorshanba kuni e’lon qilingan «Katta yettilik» bayonotida aytilgan.

«Katta yettilik» davlatlari Ukraina uchun «xavfsizlik sohasida aniq, ikki tomonlama va uzoq muddatli majburiyatlar va kelishuvlar» ishlab chiqish niyatida», deyiladi hujjatda. Bu yordam, xususan, quruqlikda, havoda va dengizda zamonaviy harbiy texnika yetkazib berish, Ukraina Qurolli kuchlari harbiy xizmatchilarining malakasini oshirish, razvedka ma’lumotlarini uzatish va kiberhujumlardan himoya qilishni o‘z ichiga oladi. 

Hujjatda aytilishicha, havo hujumidan mudofaa, artilleriya, uzoq masofaga uchuvchi qurollar, zirhli transport vositalari va boshqa muhim imkoniyatlar, masalan, havo jangi vositalariga ustunlik berish kerak. Shu bilan birga, G7 davlatlari Ukrainani mudofaa sanoatini yanada rivojlantirishda qo‘llab-quvvatlash niyatida. 

Hujjatga ko‘ra, dunyoning yetti yirik sanoat mamlakati Ukrainaga hozir uni himoya qila oladigan va kelajakda yangi tahdidni qaytara oladigan zamonaviy armiya yaratishda yordam berish niyatida. «Kelgusida qurolli hujum sodir bo‘lgan taqdirda, biz Ukraina bilan maslahatlashuvlar o‘tkazamiz va tegishli chora-tadbirlar to‘g‘risida qaror qabul qilamiz», — deya G7 bayonotidan iqtibos keltirgan AFP. «Biz Ukrainani agressiyadan himoyalanayotgan bir paytda qo‘llab-quvvatlaymiz va buni qancha vaqt kerak bo‘lsa, shuncha amalga oshiramiz», deb ishontirdi Vilnyusda G7 vakillari. 

Bayonotda aytilishicha, Ukraina bilan bu mavzuda muzokaralar «zudlik bilan» boshlanishi kerak. Ular ikki tomonlama asosda: G7 guruhiga a’zo bo‘lgan alohida davlatlar va Ukraina o‘rtasida o‘tkaziladi. G7 a’zolari - AQSh, Kanada, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va Yaponiya. 

Mavzuga oid