17:29 / 13.07.2023
11512

Ukraina hozircha NATOga kirmaydi. AQSh nimani ko‘zlamoqda?

Ukrainada urush boshlashdan oldin qo‘yilgan maqsadlar bo‘yicha Putin to‘liq muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Lekin bu hali de-yure rasmiylashtirilgani yo‘q. De-fakto Rossiya Ukraina urushini ham, NATOga qarshi kampaniyani ham yutqazib bo‘lgan.

Foto: Yevgeniy Feldman / «Meduza»

Putin bu borada o‘z oldiga qo‘ygan biror maqsadiga erisha olmadi. Aksincha, strategik iqtisodiy va siyosiy muammolarga to‘qnashdi. Tarixda kuzatilmagan sanksiyalarga yo‘liqdi. Rossiya yakkalantirib qo‘yildi. Bu muammolarni hal qilish – Putinning boshqaruv davrida amalga oshmaydi. Bu ishlarni Rossiyaning keyingi rahbarlari amalga oshirishi mumkin.

Finlandiya NATOga a’zo bo‘ldi. Shvetsiya yaqin oylarda rasman NATOga kiradi. Ukrainaning NATOga kirishi ham tezlashdi. Uzog‘i bilan bir-ikki yilda Ukraina NATO jamoasida bo‘ladi.

Lekin Ukrainani NATOga Vilnyus sammitida taklif etishmadi. Ukraina bundan «arazladi» ham. Menimcha, NATOga a’zo davlatlar, avvalo AQSh Rossiyaning asab tizimini yanada karaxtlashtirish niyatida. Rossiya tafakkurida «Ukraina yaqin orada NATOga kirarkan» degan fikr borgan sari chuqurlashib, standartlashib, oddiy xolat darajasiga yetib borishi maqsad qilingan.

Qolaversa, AQSh yana ikki maqsadni ko‘zlamoqda. Birinchisi – Rossiyani Xitoy og‘ushiga o‘zini batamom otmasligi uchun ehtiyotkorroq harakat qilmoqda. Ikkinchisi – AQShda kelasi yili prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Ko‘plab respublikachilar Ukrainani NATOga tezda a’zo bo‘lishiga qarshi.

2024 yil NATOning asosiy sammiti Vashingtonda bo‘lishi kerak. Agar ungacha Rossiya-Ukraina urushi tugasa, Kiyev o‘sha Vashington sammitida NATOga qabul qilinishi haqida farazlar bor.

Turkiya ham muvozanatni o‘zgartirib, g‘arb tomon ekanligini ko‘rsatdi. Erdo‘g‘an Putin bilan savdolashishda davom etadi. Lekin Turkiya Shvetsiya va Ukraina borasidagi qarorlaridan orqaga qayta olmaydi.

Markazlashgan, yakka shaxslashgan siyosiy tizimlar, ehtirosga berilib qaror qabul qilganda, mana shunday dahshatli xatolar qilishi muqarrar. 2021 yil dekabrda Putin AQSh va NATOga ultimatum qo‘yganida oddiy ekspertlar ham bu yo‘l g‘alati ekanini intuitiv his qilgandi.

Rossiyaning global resurslari kollektiv g‘arb bilan tirasha olishga imkon bermasligini tushunish qiyin emas. Ultimatumlari va Ukrainadagi urushi bilan Putin nimaga umid qilgan edi – bu endi tarixda, memuarlarda, filmlarda turli versiyalar bilan talqin qilinadigan masalaga aylansa kerak.

Shu narsa aniqki, Putinning bu avantyurasi Rossiya uchun katta zarar keltirdi. Bir tomondan, Rossiyadagi «geosiyosiy imperiyachilik» loyihasi so‘nmoqda. Bu yaxshi. Boshqa tomondan, Rossiyaning iqtisodiy inqirozi O‘zbekistonga va butun Markaziy Osiyoga ham salbiy ta’sir qiladi va qilmoqda ham. Lekin Rossiyadagi muqarrar iqtisodiy inqirozlar va siyosiy bo‘hronlar hali oldinda...

Kamoliddin Rabbimov

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top