11:41 / 17.07.2023
7949

Erdo‘g‘anning vakili: Turkiya - Ukrainani NATOga qabul qilish tarafdori

«Turkiya uchun g‘arb lagerida bo‘lish nihoyatda muhim», dedi Turkiya prezidenti ma’muriyatining kommunikatsiyalar bo‘limi rahbari Fahrettin Altunning Middle East Eye jurnalidagi maqolasida.

Foto: Ludovic Marin/AFP

Turkiya NATO geografik kengayishini «aniq bir davlatga qarshi emas», balki ittifoq barqarorlikka erishishga hissa qo‘shadigan keng qamrovli xavfsizlik tashkilotiga aylanishi uchun qo‘llab-quvvatlayapti. Bu haqda Turkiya prezidenti ma’muriyatining kommunikatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Fahrettin Altunning 15 iyul kuni Middle East Eye internet jurnalida chop etilgan maqolasida aytilgan.

Ukrainaning Shimoliy Atlantika ittifoqiga a’zo bo‘lish ehtimoli haqida gapirgan Altun, Turkiya bu g‘oyani aniq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an NATOning Vilnyusdagi sammiti oldidan yana bir bor gapirdi, deb eslatadi muallif. 

Shvetsiya va Finlandiyaning NATOga a’zoligi mavzusini sharhlar ekan, Altun shunday dedi: «Finlandiya va Shvetsiya kabi nomzod davlatlar haqida tanqidiy savollar ko‘targan Turkiyani nohaq tanqid qilganlar, kengayish milliy xavfsizligimiz evaziga amalga oshirilmasligini hisobga olishlari kerak. Bu NATOning butun mavjudligiga qarshi bo‘ladi».

«Turkiya 1952 yilda NATOga qo‘shilganidan beri g‘arbning ajralmas ittifoqchisi bo‘lib, transatlantik va Yevropa xavfsizligini ta’minlashda hal qiluvchi rol o‘ynaydi», deb ta’kidlaydi muallif. «Turkiya oldinga siljishda davom etib, ittifoqning yangi tashabbuslarida ishonchli ittifoqchi va tanqidiy hamkor bo‘lib qoladi», - deya qo‘shimcha qildi u maqola yakunida. 

Sharq va G‘arb o‘rtasidagi geografik quruqlik ko‘prigi va Qora dengizga olib boradigan suv yo‘llarini nazorat qiluvchi Turkiya uchun «g‘arbiy lagerda bo‘lish juda muhim», deydi Fahrettin Altun. «Turkiyaning NATOga uzoq va chuqur sodiqligi Yevropa xavfsizligini ta’minladi. Uning davomiy faoliyati qit’a xavfsizligi uchun juda muhim», - deya xulosa qildi u. 

Mavzuga oid
Top