Jahon | 10:49 / 18.07.2023
5917
3 daqiqa o‘qiladi

Britaniyalik milliarder Oleg Tinkovga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi

Richard Brensonning so‘zlariga ko‘ra, Tinkov hech qachon oligarx bo‘lmagan. Brensonning fikricha, Buyuk Britaniya rossiyalik tadbirkorni sanksiyalar ro‘yxatiga adashib kiritgan.

Oleg Tinkov / Foto: RIA Novosti

Britaniyalik milliarder Richard Brenson Buyuk Britaniya hukumatini rossiyalik tadbirkor Oleg Tinkovga nisbatan joriy qilingan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirdi, deb yozadi The Times dushanba, 17 iyul kuni. Virgin Group korporatsiyasi asoschisi Brenson Tinkovni 20 yildan beri bilishini va London uni asossiz ravishda sanksiyalar ro‘yxatiga kiritganiga ishonishini aytdi.

«Men janob Tinkovni sanksiyalarga duchor bo‘lgan rossiyaliklar ro‘yxatiga adashib kirib qolganiga qat’iy ishonaman. Garchi u badavlat rossiyalik tadbirkor bo‘lgan bo‘lsa-da, hech qachon «oligarx» bo‘lmagan. Men uni doimo dinamik ishbilarmon sifatida bilganman. Shuning uchun unga yaqinman, uni qo‘llab-quvvatladim va qo‘llab-quvvatlashda davom etaman», deb yozadi Brenson Tinkovning Britaniya Tashqi ishlar vazirligi unga nisbatan sanksiyalar qo‘llash qaroriga qarshi rasmiy murojaatiga ilova qilingan xatida. 

Oleg Tinkov mart oyida Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligiga uni sanksiyalar ro‘yxatidan olib tashlash uchun ariza topshirgan. O‘shanda Buyuk Britaniyada yashovchi sobiq rossiyalik oligarx Mixail Xodorkovskiy Tinkovni qo‘llab-quvvatlash uchun murojaat yuborgani xabar qilindi. 

Buyuk Britaniya Oleg Tinkovga qarshi sanksiyalarni 2022 yil 24 martda –Ukrainada harbiy harakatlar boshlanganidan bir oy o‘tib joriy qildi. Avstraliya Britaniya sanksiyalarini qo‘llab-quvvatladi, ammo Yevropa Ittifoqi davlatlari, shuningdek, AQSh va boshqa G‘arb davlatlari Tinkovga qarshi jazo choralarini kiritmadi. 

Oleg Tinkov Ukraina urushining boshidanoq urushga qarshi pozitsiyani egalladi. Tadbirkor 2022 yil oktyabr oyida Rossiya fuqaroligidan voz kechgan. 

Rossiyada Tinkov TCS Group («Tinkoff» bankining bosh kompaniyasi) ulushiga ega edi, lekin o‘tgan yilning aprel oyida u aktivni Vladimir Potaninning «Interros» holdingiga sotdi. Tinkovning ta’kidlashicha, Rossiya hukumati uni o‘z ulushini «tiyinlarga» sotishga majburlagan. Sotishdan keyin Tinkovning boyligi bir necha milliarddan 860 million dollargacha kamaydi, deb yozadi Forbes.

Mavzuga oid