16:07 / 21.07.2023
22396

Donnarummani o‘z uyida kaltaklab, tunab ketishdi

Bosqinchilar Janluidji Donnarummaning uyiga bostirib kirib, uni va turmush o‘rtog‘ini bog‘lab qo‘yishgan, kaltaklab, 500 ming yevro miqdoridagi buyumlarini olib ketishgan.

Foto: Claudio Villa / Getty Images

«Pari Sen-Jyermen» klubi va Italiya milliy jamoasi darvozaboni Janluidji Donnarumma Parijdagi uyida talonchilik qurboniga aylandi. Bu haqda Actu17 va RMC Sport nashrlari xabar bergan.

Qayd etilishicha, bu hodisa 21 iyulga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan. Talonchilar futbolchining uyiga bostirib kirib, uni va sevgilisini bog‘lab qo‘yishgan hamda ularni kaltaklashgan. Yakunda jinoyatchilar jami 500 ming yevro qiymatdagi turli qimmatbaho buyumlarni olgan holda qochib ketishgan.

Tongga yaqin Donnarumma va sevgilisi arqondan qutulib, yaqin atrofdagi mehmonxonaga borib yashiringan. Mehmonxona xodimlari politsiyaga chaqirilgan, juftlik shifoxonaga yotqizilgan.

May oyida klubning boshqa bir darvozaboni Serxio Riko Ispaniyada otdan yiqilib, hushidan ketgandi. Keyinroq ushbu 29 yoshli futbolchi boshidan og‘ir jarohatlangani va futbolga qaytishi katta so‘roq ostida ekani ma’lum bo‘ldi. U shifoxonadaligi vaqtida 20 kg vazn tashlagan.

Donnarumma 2021 yil yozidan buyon «PSJ» safida to‘p surib kelmoqda. U jamoasi bilan ikki bor Fransiya chempionatida g‘olib chiqib, bir bor Superkubokni qo‘lga kiritgan. Italiya milliy jamoasi safida Donnarumma Yevro-2020 g‘olibi bo‘lgan, shuningdek Millatlar Ligasida ikki bor (2021, 2023) bronza medallarni qo‘lga kiritgan.

Top