Mamlakatni yashillashtirishga bel bog‘lagan Xitoy (fotojamlanma)
Xitoyda bitta daraxtni kesganlik uchun o‘rtacha 80 million so‘m jarima belgilangan. XXRda oxiri 40 yilda yashillik 10 foizga ko‘paygan. Bu mamlakatda xizmat safarida bo‘lgan Javlonbek Ismatullayev Xitoyda daraxtlarga munosabat aks etgan suratlarni to‘pladi.
Xitoyda qadimdan beri daraxtlar hayot, tinchlik va farovonlik ramzi sifatida ko‘rilgan. Ular oziq-ovqat, boshpana va dori-darmon bilan ta’minlash vazifasini bajargani uchun ham qadrlanadi. Biroq dunyoning ko‘p nuqtalarida kuzatilgani kabi iqtisodiy rivojlanish Xitoyda ham daraxtlarning kesilishiga va o‘rmon hududlarining qisqarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Ayniqsa, so‘nggi 10 yilliklarda Xitoydagi iqtisodiy sur’atning o‘sishi, yog‘och va boshqa resurslarga talabning oshishiga olib keldi. Bu esa o‘rmonlarga ham bosim o‘tkazmay qolmadi.
Bunday vaziyatga yechim topish, yashil hududlarni saqlab qolish va shaharlarda yashil infratuzilmani rag‘batlantirish bo‘yicha qat’iy choralarni ko‘rish yo‘liga o‘tgan. Misol uchun, 1979 yildan boshlab 12 mart Xitoyda “Milliy daraxt ekish kuni” etib belgilangan va hozirgacha keng nishonlanadi. Shu kuni mamlakat bo‘ylab fuqarolar o‘rmonlarini tiklash uchun daraxt ekadi.
Odamlar turli jamoalarda, maktablarda, ish joylari va turli dasturlarda daraxt ekishda ko‘ngilli sifatida qatnashadi. Bu fuqarolar uchun shaharning qoq markazida yashil hududlarni yaratish, toza havodan bahramand bo‘lish va tabiatni boricha his qilish uchun imkoniyat yaratadi. Xitoyliklar nafaqat belgilangan hududlarda, balki o‘z yashash manzillari yaqinida ham daraxt ekishda faol.
So‘nggi o‘n yilliklarda Xitoy o‘rmonlarni ko‘paytirishda sezilarli yutuqlarga erishdi. BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 1978 yilda mamlakat hududining 12 foizi o‘rmonlar bilan qoplangan bo‘lsa, 2022 yilga kelib bu ko‘rsatkich 21,6 foizga yetgan.
Mamlakatda daraxtzorlar qonun doirasida himoya qilinadi. Tegishli qonunchilik hujjatlariga ko‘ra, daraxtlarni ruxsatsiz kesish taqiqlanadi va qonunni buzganlarga jarimalar belgilangan. Daraxt kesish uchun jarima miqdori daraxt turi, uning kattaligi va joylashuvi kabi bir qator omillarga bog‘liq.
Umuman olganda, jarimalar ancha yuqori bo‘lib, qo‘riqlanadigan hududdagi katta daraxtni kesganlik uchun 100 ming yuan (taxminan 160 million so‘m) belgilangan. O‘rtacha jarima miqdori esa 50 000 yuanni (taxminan 80 million so‘m)ni tashkil qiladi. Va bu haqiqatan ham noqonuniy daraxt kesishga qarshi kurashda yaxshi natija beryapti.
Hukumatning yashillikka oid yana bir muvaffaqiyatli dasturi sifatida Buyuk yashil devor (Great Green Wall)ni aytish mumkin. Bu o‘rmonlarni qayta tiklash bo‘yicha dastur bo‘lib, u dunyodagi eng katta cho‘llardan biri bo‘lgan Gobi cho‘lini 2050 yilgacha yashil hududga aylantirishni maqsad qilgan. Xitoy bu loyihani 1978 yilda boshlagan va unga 9,9 milliard dollar pul ajratgan.
Loyiha 1978-2000, 2001-2020 va 2021-2050 yillarga mo‘ljallangan 3 bosqichda davom etadi. Xususan, 2021 yil oxirigacha Gobi sahrosining qariyb 60 foizini o‘rmonlashtirish reja qilingandi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyning sun’iy o‘rmoni 2009 yil holatiga ko‘ra, 12 foizdan 18 foizga o‘sgan. Bu – Yer yuzidagi inson ta’sirida yaratilgan eng katta o‘rmon hisoblanadi.
Mavzuga oid
23:04
Xitoy qutb suvlarida suzishga qodir dunyodagi eng yirik yuk tashuvchi kemani sinovdan o‘tkazdi
21:52
Xitoyda 2027 yil oxiriga borib 5G aloqa tarmog‘idan foydalanuvchilar ulushi 85 foizga yetkaziladi
17:07
Xitoyning O‘zbekiston bilan savdo aylanmasi hajmi kamaydi
23:24 / 23.12.2024