O‘zbekiston | 15:30 / 22.07.2023
42170
9 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda askar komaga tushib qolganidan bir kun o‘tib vafot etdi

Markaziy harbiy gospitalda davolanayotgan askar yigitning o‘limiga qator kasalliklar natijasida yuzaga kelgan poliorgan yetishmovchiligi sabab bo‘lgani aytilmoqda. Biroq askarning yaqinlari bunga ishonmayapti.

Ikki o‘g‘il va bir qizdan keyin 1999 yil 29 aprel kuni tug‘ilgan Shehroziddin Bahriddinov Samarqand viloyatining Urgut tumanida Mingtepa mahallasida yashagan. U Toshkent shahridagi harbiy qismlardan birida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan edi. 14 mart kuni armiyaga ketgan yigit 2023 yilning 27 iyun kuni, 24 yoshida vafot etdi.

Shehroziddin Bahriddinov Foto: Kun.uz

Voqea xronologiyasi

Rasmiy hujjatda qayd etilishicha, FVVga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan Shehroziddin Bahridddinov 20 iyun kuni tomoq og‘rig‘i shikoyati bilan harbiy qism tibbiyot punktiga murojaat qilgan. Unga ambulator davo (so‘rg‘ichli tabletka va tomoqni furatsillinda chayish) tavsiya qilingan. Oradan ikki kun o‘tgach, askar tomoq va bosh og‘rig‘i shikoyatlari bilan tibbiyot punktiga kelgan, unga yana ambulator davo tavsiya etilgan.

U 25 va 26 iyun kunlari ham harbiy qism tibbiyot punktiga murojaat qilib, bosh va bel og‘rigi, terlash, tez-tez nafas olishdan qiynalayotganini aytgan. Askarning shikoyatlari kundan kunga ko‘payib borayotgan bo‘lsa-da, harbiy qism shifokorlari unga yana ambulator muolajani tavsiya qilgan.

26 iyun kuni ahvoli og‘irlashgan askar O‘SV apparatiga niqobli SPAP rejimida ulangan holda Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik hospitaliga olib kelingan va darhol reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Hujjatlarda u 11:30 da hospitalga ko‘krak qafasi va qorin epigastral sohasidagi kuchli og‘riq, tez-tez nafas olish, tana haroratining ko‘tarilishi kabi shikoyatlar bilan olib kelingani qayd etilgan.

Bemorda ikki tomonlama plevra bo‘shliqlarida erkin suyuqlik aniqlangani sababli o‘pka parenximiyasini yoyish, plevrit etiologiyasini aniqlash uchun “Torakosentiz, chap va o‘ng plevra bo‘shliqlarini drenajlash” jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilgan. Operatsiya davomida o‘ng o‘pka plevra bo‘shlig‘idan 1700 ml yiringli gemorragik ajralma, chap tomonidan esa 1200 ml lizirlangan gemorragik ajralma (suyuqlik) olingan. Biroq jarrohlik amaliyotidan bemor omon chiqmagan. 27 iyun 13:30 da bemorda biologik o‘lim qayd etilgan.

O‘lim haqidagi ma’lumotnomada Shehroziddin Bahriddinovning o‘limiga qo‘zg‘atuvchisi aniqlanmagan pnevmoniya sabab bo‘lgani keltirilgan.

Ekspertiza xulosasi Foto: Kun.uz

Qurolli Kuchlar Sud-tibbiy ekspertiza markazi tomonidan 13 iyulda tugallangan ekspertiza xulosasida askarning o‘limiga og‘ir kechgan ikki tomonlama virusli-bakterial etiologiyali pnevmoniya, infeksion-toksik shok, ikki tomonlama fibrinozli yiringli-gemorragik plevrit, plevra empiemasi, tsepsiz, tseplitsemiya, taloqning o‘tkir tseptik giperplaziyasi, o‘tkir respitator distress sindrom, DVS sindrom (tananing teri qoplamalari, ichki a’zolarni seroz va shilliq pardalariga qon quyilishlar), bifurkatsion limfa tugunlarining o‘tkir giperplaziyasi, toksik-septik miokardit, gepatit, nefrit, seroz mininggit, ichki a’zolarning o‘tkir umumiy venoz to‘laqonligi va parenximatoz distrofiyasi, bosh miya shishi va bo‘kishi, o‘tkir ichak dinamik (paralitik) tutilishi, o‘tkir sterioid industirlangan qandli diabet va ushbu kasalliklar asorati oqibatida yuzaga kelgan poliorgan yetishmovchiligi sabab bo‘lgani keltiriladi.

Marhumning yaqinlari dalillar taqdim etilishini so‘ramoqda

Kun.uz bilan suhbatda marhum askarning akasi Erkin Qodirovning aytishicha, 26 iyun kuni kechqurun harbiy qismdagilar unga qo‘ng‘iroq qilib, ukasining tobi yo‘qligi, hozir hospitalda ekanini aytishgan.

“Toshkentga yetib kelmasangiz bo‘lmaydi deb aytishdi. Borganimizda u komaga tushib qolgan ekan. Hospitaldagilar o‘pkasiga suv yig‘ilgan ekan, o‘pkasi yiringlab ketgan deb aytishyapti. Aniqlanmagan pnevmoniya deb tashxis qo‘yishmoqda.

Nimadan o‘lgani sir bo‘lib qolyapti. Bel sohasida, buyragining ustidagi terisi shilinib ketgandi. Sababini so‘raganimizda marhum ukam kaltaklanmagan, do‘xtirlar noto‘g‘ri dori bergan, shuning ta’sirida pufakcha hosil bo‘lib bo‘lgan, bemorni ko‘tarib boshqa joyga olinganda ana shu pufakchalar yorilib terisi shilinib ketgan deb aytishdi. Bundan tashqari, og‘zining ichki qismida ham yirtilish bor edi”, deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatda Erkin Qodirov.

Ta’kidlash kerakki, Qurolli Kuchlar Sud-tibbiy ekspertiza markazining ekspertiza xulosasiga ko‘ra, marhumning yuqori va pastki lab tashqi burchagidagi jarohat qattiq to‘mtoq jism ta’sirida yetkazilgan bo‘lib, hosil bo‘lish vaqti hamda holatiga ko‘ra bemorning o‘limidan bir sutka oldin, ya’ni tibbiy yordam ko‘rsatishda yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Bahriddinovning jasadi sud-tibbiy ekspertizasida jarayonida ko‘zdan kechirilganda marhumning tanasida o‘zaro kurashish va qarshilik ko‘rsatishga xos tan-jarohat belgilari aniqlanmagan.

Shehroziddin Bahriddinov Foto: Kun.uz

“O‘g‘lim xizmat qilgan guruh va batalon komandirlari bilan gaplashdik. Ularning aytishicha, Shehroziddin dastavval tomoq og‘rig‘idan shikoyat qilgan va unga tomoq og‘rig‘iga qarshi dori berishgan. Keyin boshim og‘riyapti degan, bosh og‘rig‘ini qoldiruvchi dori berishgan. Keyin u safda turgan vaqtda o‘zidan ketib yiqilib tushibdi.

Lekin biz bunga ishongimiz kelmayapti. Chunki o‘g‘lim juda sog‘lom yigit edi. Harbiy xizmatga ketguncha biror marta jiddiy kasal bo‘lmagan, qaysidir og‘ir kasallik bo‘yicha hisobda turmagan. Shuning uchun ham armiyaga ketayotganda tibbiy ko‘riklardan oson o‘tdi. Ko‘riklardan o‘tish uchun pul bermagan yoki boshqa noqonuniy yo‘llardan foydalanmagan. O‘zi harakat qilib, o‘zi ketdi, barcha sinovlardan o‘tib bo‘lgachgina harbiy xizmatga ketayotganini bizga aytgandi.

24 iyun kuni peshindan keyin ikkinchi akasiga qo‘ng‘iroq qilib gaplashishgan. Suhbat davomida ovozida kasallik alomati, masalan, xirillash, qiynalib nafas olish sezilmagan. Har doimgiday gaplashgan. Biroz tobim yo‘q, boshim yoki tomog‘im og‘riyapti deb ham aytmagan. O‘pkasidan 2,5 litrdan ko‘proq suyuqlik oldik deyishyapti. O‘pkasida shuncha miqdorda suv, yiring bo‘lgan odam hansiramaydimi, zo‘rg‘a gapirmaydimi, gapirolmasligi kerak bemor bunday holatda. Ekspertiza xulosasidan ham qoniqmadik, holat qaytadan xolis tergov qilinishi kerak”, deydi marhumning otasi Nizomiddin Qodirov.

Shehroziddin Bahriddinov Foto: Kun.uz

Marhumning yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, batalon komandiri ularga yakshanba kuni (25 iyun) Shehroziddinning tobi qochganini aytgan, u komaga tushib qolgach, 26 iyun kuni kechqurun bu haqda oilasiga xabar berishgan. Nima uchun safda hushdan ketib qolguncha askar yigit harbiy qismda ushlab turilgani, nega vaqtliroq hospitalga olib borilmagani haqidagi savollar ochiq qoldirilgan.

“Biz voqealar ukamning komandirlari aytganiday bo‘lganiga ishonch hosil qilishimiz uchun Shehroziddin safda chindan ham yiqilib tushgani, shundan so‘ng uni ko‘tarib harbiy qism tibbiyot punktiga olib borishgani, yiqilishdan oldin harbiy qism shifokorlaridan dori so‘ragani aks etgan videotasvirlarni ko‘rsatishni so‘radik.

Shu tasvirlarni ko‘rsak, barchamizning yuragimizdagi otash hovuri biroz bo‘lsa-da pasayardi. Biroq bu jarayonlar hech bir kamera tomonidan yozib olinmaganmish. Faqatgina askarlarning oshxonaga kirib-chiqqani aks etgan kamera yozuvlari bor, ammo uni kattalarning ruxsati bilan sizlarga taqdim etishimiz mumkin deb aytishdi.

Komandirlarining aytishicha, ukam cho‘milib chiqib konditsionerning tagida uxlagan ekan. Joyi konditsionerning tagida bo‘lgan ekan. Xo‘p, askarlar yotoqxonasidagi kamera yozuvlarini ko‘rsatinglar, konditsionerning tagida yotganini ko‘raylik deyapmiz. Aytishlaricha, bu joyga kamera o‘rnatilmaganmish. Hech bo‘lmasa hospitalga kirib borayotgani ko‘ringan tasvirlarni ko‘rsatishsin. Ozgina bo‘lsa-da taskin topishimiz uchun komandirlarning so‘zlarini tasdiqlaydigan biror bir dalil taqdim etilmayapti”, deydi Erkin Qodirov.

Mavzuga oid