O‘zbekiston | 09:20 / 26.07.2023
3613
2 daqiqa o‘qiladi

Qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish sohada hosildorlikni oshiradi - MHTI

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish bo‘yicha xorijiy tajribani tahlil qildi.

Foto: AP

Qayd etilishicha, qishloq xo‘jaligida agrodronlardan foydalanishning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat: dalalar kuzatib boriladi va o‘rganib chiqiladi; dalalarga ishlov beriladi; ekin ekiladi; hosil miqdori aniqlanadi; hosildorlikni oshirishda foydalaniladi.

Tahlil jarayonida ba’zi mamlakatlarning qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanishni kengaytirish bo‘yicha tajribasi ko‘rib chiqildi.

Yaponiyada qariyb 5 million gektar ekin maydonlari mavjud. Bugungi kunda ushbu yerlarning 20 foizdan ortig‘ida zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi  kurashda dronlardan foydalaniladi. Mamlakatda dronlardan xavfsiz foydalanish uchun operatorlarga litsenziya berishning maxsus qoida va tizimi amal qiladi, ya’ni yagona tartib-qoida o‘rnatilgan. Bu fermerlarga o‘z fermasida ushbu texnologiyadan bemalol foydalanish imkonini beradi. 

Polsha qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va qishloq ishlari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, dronlardan foydalanish tarmoq hosildorligining 5 foizgacha o‘sishiga va har yili iqtisodiy qiymatining 2,5 milliard yevroga qo‘shimcha ortishiga olib kelishi mumkin. 

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida dronlardan foydalanish sohada hosildorlikni oshirish, hosil sifatini yaxshilash, atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, shuningdek, yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid