Jahon | 14:30 / 27.07.2023
13067
13 daqiqa o‘qiladi

Iqtisodiy va siyosiy diversifikatsiya: Ko‘rfaz bilan yaqinlashish nima uchun muhim?

O‘tgan hafta Ko‘rfaz arab davlatlari va Markaziy Osiyo yetakchilari sammiti mintaqalar darajasidagi anjuman bo‘lgani bilan O‘zbekiston ishtirokidagi boshqa tadbirlardan ajralib turdi. Sammit arafasida Erdo‘g‘anning ham Ar-Riyodga kutilmagan tashrifi mavzu atrofidagi intrigalarni kuchaytirdi.

Kun.uz sammitning muhim nuqtalarini tahlil qilish uchun siyosatshunoslar Farhod Karimov va Nargiza Umarovalarni taklif qildi.

— Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni mezbonlik qilgan xalqaro sammitda qatnashdi. Saylovdan so‘ng ilk tashrif ramziy ma’no anglatishi sir emas. Ayting-chi, bu tashrif O‘zbekiston tashqi siyosatida qandaydir ma’noga egami yoki vaziyat taqozo qildimi?

Farhod Karimov: Bu sammit Markaziy Osiyo va Ko‘rfaz arab davlatlarining siyosiy va iqtisodiy integratsiyasini tezlashtirish maqsadida o‘tkazildi. Sammit o‘tkazish masalasi ishtirokchi davlatlarning tashqi ishlari vazirlari tomonidan 2022 yil sentabr oyida kelishib olingandi. 2023 yil yanvarda sammitning kun tartibidagi masalalar va loyihalar ishlab chiqilgan. Saudiya Arabistoni tomoni taklifi bilan, 18-19 iyul kunlari tashkil etildi.

Farhod Karimov

Prezidentimizning birinchi tashrifi sifatida oladigan bo‘lsak, bu sammit oldindan belgilangan edi va ortga surib bo‘lmasdi. Oldingi saylovdan keyin prezidentimiz birinchi Turkmanistonga tashrif buyurgan edi. Bu esa tashqi siyosatda Markaziy Osiyo mintaqasi ustuvorligini bildirgan. Bu galgi tashrifning ramziy ma’nosi esa qo‘shni mintaqalar yaqinlashishi bo‘lishi ham mumkin.

Umuman, O‘zbekiston tashqi siyosati 2016 yildan beri transformatsiya bo‘lyapti. Bu esa vektorlarning ko‘payishi, ochiqlanishi, siyosiy kafolatlarning berilishida ko‘rinyapti. Markaziy Osiyo davlatlari bilan munosabatlarda ham transformatsiyani ko‘rish mumkin.

— Shavkat Mirziyoyev sammitdagi nutqida Ko‘rfaz davlatlari bilan transport-logistika sohasida amaliy hamkorlikni kuchaytirish zaruratini urg‘uladi. Mintaqalarimiz o‘rtasidagi transport bog‘liqlikning bugungi holati va muammolari haqida nima deya olasiz?

Nargiza Umarova: Ko‘rfaz arab davlatlari bilan aloqalarni kuchaytirish masalasi prezident Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelishi bilan o‘rtaga chiqqan. Xususan, 2017 yil may oyida va o‘tgan yili Saudiya Arabistoniga tashriflar bo‘ldi. Bundan tashqari, BAA, Qatar kabi davlatlar bilan ham diplomatik aloqalar mustahkamlana boshlagan edi.

Nargiza Umarova

Bu sammitning O‘zbekiston uchun asosiy motivi – savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish. Shavkat Mirziyoyev nutqidagi asosiy masalalar investitsiya, savdo aylanmani ko‘paytirish va transport-logistika bo‘ldi. Yaqingacha Yaqin Sharq mintaqasi O‘zbekiston bilan siyosiy jihatdan uzoqlashgan edi. Bu mintaqa katta potensialga va katta bozorga ega. Yaqin Sharq bilan yaqinlashuv Eron bilan munosabatlar yaxshilanishi bilan boshlandi.

Sammitda Shavkat Mirziyoyev o‘rta logistik koridor – Trans-Kaspiy yo‘lagi va Trans-Afg‘on temiryo‘li haqida ham gapirdi. Bundan oldingi hukumatlararo va ishchi guruhlar o‘rtasidagi muzokaralarda O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Ummon multimodal transport koridori ham muhokama qilingandi. Bu haqda Mirziyoyev gapirmadi, lekin bu yo‘lni faollashtirish ishlari bir necha yil oldin boshlangan.

Bizda transport-logistika u qadar yaxshi emas Fors ko‘rfazi davlatlari bilan, bittagina koridor bor, lekin u ham tashlab qo‘yilgan, salohiyati to‘la ochilmagan. Bu esa Eron sanksiyalarda qolgani, muloqot olib borish cheklangani bilan bog‘liq edi. Eron bilan munosabatlar yaxshilangach, transport-logistikaga ham e’tibor qaratildi. Savdo aylanmasini yaxshilash uchun transport-logistika muhim hisoblanadi, shuning uchun O‘zbekiston ikki masalada ham ish olib boryapti.

— Ko‘rfaz arab davlatlari orasida “Tolibon”ga ta’sir qila oluvchi davlatlar mavjud. Afg‘oniston masalasi hukumatlar darajasida muhokama qilindimi? Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev arab monarxiyalarini Trans-Afg‘on temiryo‘li qurilishida faol ishtirok etishga chaqirdi. Bu loyiha Ko‘rfaz davlatlari uchun nechog‘lik ahamiyatli?

Farhod Karimov: Sammitda asosan savdo-iqtisodiy masalalar kun tartibida bo‘ldi. Shuningdek, xavfsizlik masalasi ham ko‘tarildi. Chunki har qanday investitsion muhit uchun xavfsizlik masalasi muhim.

Bilamizki, “Tolibon” hukumat tepasiga kelishdan oldin Qatarda shtab-kvartirasiga ega bo‘lgan. Umuman, Qatar ko‘p siyosiy harakatlar uchun siyosiy boshpana hisoblanadi. Qatar amiri O‘zbekistonga kelgan paytda ham Afg‘oniston masalasi ko‘rib chiqilgan edi. Afg‘oniston bilan muloqot qilishda Qatar o‘z platformasini taklif etgan edi.

Nargiza Umarova: Yaqin kelajakda amalga oshirilishi kutilayotgan 2 ta loyiha bor: Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li va Trans-Afg‘on temiryo‘li. Afg‘oniston orqali o‘tuvchi temiryo‘lning birinchi varianti ham bor edi, u Eronga olib borishi kerak edi. Lekin Erondagi sanksiyalar muammosi ortidan tashlab qo‘yilgan edi bu yo‘nalish. Ammo Afg‘oniston va Eron o‘rtasidagi qismi qurilib, ishga tushirilgan. O‘zbekiston hozirgi e’tiborini Pokistonga olib chiquvchi temiryo‘lga qaratgan. Lekin ikki variantdagi yo‘ldan ham Ko‘rfaz davlatlari manfaatdor, chunki ikki yo‘nalishda mintaqaga chiqib borish mumkin. Men Eron orqali o‘tuvchi temiryo‘ldan foydalanishni iqtisodiy jihatdan samaraliroq degan bo‘lardim, garchand Trans-Afg‘on temiryo‘liga ko‘proq urg‘u qaratilayotgan bo‘lsa-da.

Ko‘rfaz davlatlarining Markaziy Osiyoga yo‘l ochilishidan manfaatlariga kelsak, ular uchun Markaziy Osiyo oxirgi nuqta bo‘lmaydi. Mintaqa orqali Xitoy va Yevropaga yo‘l ochiladi.

— Ko‘rfaz arab davlatlarining Markaziy Osiyo bilan aloqalarni mustahkamlashga harakat boshlaganini Rossiyaning kuchsizlangani bilan bog‘lash mumkinmi?

Farhod Karimov: Ko‘rfaz davlatlari va Markaziy Osiyo davlatlarining aloqalari yaqinda paydo bo‘lib qolgani yo‘q. To‘g‘ri, geosiyosiy jarayonlar murakkab hozir. Lekin Fors ko‘rfazi davlatlari vaziyatdan foydalanyapti deyolmayman. Ular juda katta sarmoyaviy potensialga ega, shuning uchun ko‘proq qiziqish Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan bo‘lyapti.

Markaziy Osiyo davlatlari faqat Xitoy, Rossiya va g‘arbga bog‘lanib qolmaslikka intilyapti. Mintaqamiz davlatlari mintaqaviy investitsion muhit birgalikda yaratilishi kerakligini anglab yetyapti va bunga potensial ham bor. Fors ko‘rfazi davlatlari Markaziy Osiyo orqali Xitoyga chiqish tarafdori, chunki ularning hozirgi yo‘li ayrim tovarlar bo‘yicha qimmatga tushadi. Shuning uchun ham Xitoy Eron va Saudiya Arabistonini yaqinlashtirishga harakat qildi. Endi Markaziy Osiyo davlatlari imkoniyatdan foydalanib qolishi kerak.

Nargiza Umarova: Investitsiya – asosiy omil. 2016 yildan keyin O‘zbekiston o‘z iqtisodiyoti uchun investorlar jalb qilishga, asosiy investorlar bo‘lmish Xitoy va Rossiya investitsiyalarini diversifikatsiya qilishga intilyapti. Bu yo‘lda Ko‘rfaz davlatlari potensialidan foydalanish to‘g‘ri bo‘ladi. Bu mintaqa davlatlari bilan oxirgi vaqtlardagi uchrashuvlarda O‘zbekiston qo‘lga kiritgan investitsiyalar paketi ancha jozibador. Bundan tashqari, O‘zbekiston Fors ko‘rfazi davlatlarining innovatsion imkoniyatlaridan ham foydalanishni maqsad qilgan.

— Sammit arafasida Erdo‘g‘an ham Ar-Riyodga bordi. Buning sammitga aloqasi bormi? Saudiyaning qurol-yarog‘ bo‘yicha asosiy hamkori AQSh Saudiya-Turkiya hamkorligiga qanday qaraydi?

Farhod Karimov: Turkiya Yaqin Sharqdagi asosiy davlatlardan biri va doimiy liderlik uchun raqobatda bo‘lib kelgan. Erdo‘g‘anning tashrifidan maqsad – investitsiya jalb qilish. Va turkiy davlatlar bo‘lgan Markaziy Osiyo bilan Fors ko‘rfazi davlatlari yaqinlashuvi Turkiyaning e’tiboridan chetda qolishi mumkinmas, albatta. Shuning uchun kuzatadi, tahlil qilib boradi. Bundan tashqari, Turkiya lider bo‘lgan Turkiy davlatlar tashkilotida yo‘q potensial Fors ko‘rfazi davlatlarida bor. Shu sababli Turkiya ham jarayonlardan chetda qolgisi yo‘q. Chetda qolib ketsa, milliy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi.

Turkiya va Fors ko‘rfazi davlatlari o‘rtasida harbiy jihatdan kelishuvlar avvaldan bor. Masalan, Qatarning kuchli armiyasi yo‘qligi uchun Turkiya yordam beradi. Saudiya Arabistoni harbiy qurollarni AQShdan tashqari Rossiya va Hindistondan ham sotib oladi. Harbiy qurol sanoatida yangi kuch bo‘lib Turkiya ham chiqyapti va tabiiy ravishda o‘z xizmatlarini taklif etyapti Saudiyaga. Bu hamkorlikda asosan harbiy dronlar va piyoda qo‘shinlar uchun har xil qurollar nazarda tutiladi. Lekin Saudiya Arabistoni asosiy strategik hamkorlardan voz kechmaydi.

— Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarining birontasi ham O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari sirasiga kirmaydi. Iqtisodiy munosabatlar dinamikasi oxirgi 5-6 yildagina yuqorilashni boshladi, biroq hali qoniqarli darajada emas. Buning sabablari nimada?

Nargiza Umarova: Dinamikaning yuqorilashi so‘nggi vaqtlardagi Yevrosiyodagi vaziyatga bog‘liq. Markaziy Osiyo davlatlari savdo-iqtisodiy aloqalarda bir-ikkita davlatga bog‘lanib qolgan edi. Krizis boshlangandan keyin tushundikki, yangi bozorlar izlash, yangi logistika yo‘llarini yaratish kerak. Shu siyosat orqali Fors ko‘rfazi davlatlari bilan hamkorlik yuqorilasha boshladi. Lekin qoniqarsiz darajada.

Bizning asosiy eksport mahsulotlarimiz – tekstil, qora metallar va mevalar. Aytganimdek, bizning birinchi muammomiz Yaqin Sharq mintaqasi bozorlarini unutib qo‘yganimiz edi. Shu paytgacha bo‘lgan savdomizda tovarlar xilma-xilligi ham past edi. Savdo aylanmamizni hech bo‘lmaganda 1 mlrdga yetkazish uchun bir necha yil talab qilinadi. Hali bozorni o‘rganish, o‘z o‘rnimizni topishimiz kerak. Raqobatda asosiy omil narx, narxga asosiy ta’sir qiluvchi omil esa – transport-logistika.

Fors ko‘rfazi davlatlari ham bizning bozorlarga qiziqyapti. 2025 yilda bo‘ladigan navbatdagi sammitga O‘zbekiston mezbonlik qilishi ko‘zda tutilyapti. Shungacha savdo aylanmasi ancha jonlanib qolsa kerak. Fors ko‘rfazi davlatlari va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘tgan yilgi savdo aylanmasi 3 mlrd dollardan oshdi. Turkiya bilan esa 30 mlrd dollardan oshiq. Demak, juda kam hozirda savdo aylanmasi.

Farhod Karimov: Yaqin o‘tmishgacha bizdagi asosiy muammo – Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro munosabati edi. Investitsion muhit talabi esa qo‘shni davlatlar bilan muammo bo‘lmasligi. Hozir mintaqaviy barqarorlikka ishonch borligi qiziqish ortishiga sabab bo‘lyapti. Oldin Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi sovuq munosabatlar sabab kafolat yo‘q edi. Oxirgi yillarda yaqinlashish kuchaymoqda. O‘zbekistonning 2016 yildan keyingi olib borilayotgan siyosati asosiy rol o‘ynamoqda bunda.

Qirg‘iziston va Tojikiston ham o‘rtasidagi muammoni hal qiladi deb o‘ylayman. Chunki kichikroq muammoni deb katta imkoniyatni qo‘ldan chiqarishni istashmasa kerak. Umuman, integratsiya masalasida hali ham muammolar bor, lekin hal qilsa bo‘ladi bularni. Oxirgi vaqtlarda aloqalar mintaqa bilan bo‘lyapti, alohida davlat bo‘lib ajratilmayapti. Ko‘plab tomonlar bilan C5 formati shakllandi.

Nargiza Umarova: Odatda Turkmaniston bunday formatlarga qo‘shilmas edi. Ammo O‘zbekistonning faol tashqi siyosati ortidan Turkmaniston ham bu formatga qo‘shilyapti va endi o‘z manfaatlari borligini bilyapti ular ham. Turkmaniston tranzit yo‘li ham muhim ahamiyat kasb etadi bunda. Agar bu tranzit yo‘lagi bo‘lmaganda, Fors ko‘rfaziga chiqishimiz qiyin bo‘lib qolardi ayni vaziyatda. Mintaqaning birlashuvi ko‘p narsani yengillashtirdi.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.

Mavzuga oid