Jahon | 11:02 / 28.07.2023
17149
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya Putin bo‘yicha order bergan Haaga sudi sudyasini qidirmoqda

Rossiya Ichki ishlar vazirligi qidiruv bazasida XJS a’zosi Tomoko Akanening kartochkasi paydo bo‘ldi. Akane qaysi jinoiy modda bo‘yicha qidiruvga berilgani aniqlashtirilmagan.

Tomoko Akane / Foto: XJS

Rossiya Ichki ishlar vazirligi Haagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) sudyasi Tomoko Akaneni qidiruvga berdi. 27 iyul, payshanbaga o‘tar kechasi Ichki ishlar vazirligining qidiruv bazasida paydo bo‘lgan kartochkada 1956 yilda tug‘ilgan yaponiyalik Tomoko Akane «Rossiya Jinoyat kodeksining moddasi bo‘yicha qidiruvda ekani» qayd etilgan. U qaysi modda uchun qidiruvga berilgani aniqlashtirilmagan.

Tomoko Akane 2023 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovani hibsga olishga order bergan Rosario Salvatore Aytala va Serxio Xerardo Ugalde Godines bilan birga XJSning uch a’zosidan biri edi. Sudga ko‘ra, Putin va Lvova-Belova «aholi (bolalar)ni Ukraina hududidan Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilish bilan bog‘liq harakatlar uchun javobgardir».

20 mart kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu sudyalarga, shuningdek, Xalqaro jinoiy sud prokurori Karim Xonga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 22 iyun kuni XJS sudyasi Rosario Aytalaning kartochkasi Ichki ishlar vazirligining qidiruv bazasida paydo bo‘ldi, Karim Xon 19 may kuni qidiruvga berilgan edi. Ularga sirtdan ayblov qo‘yilgan.

Mavzuga oid