Jahon | 08:45 / 28.07.2023
4237
2 daqiqa o‘qiladi

Trampning maxfiy hujjatlar bo‘yicha ishiga yangi moddalar qo‘shildi

AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp endi mudofaa ma’lumotlarini noqonuniy saqlashda ayblanmoqda. Ishda videokuzatuv kameralaridagi yozuvlarni olib tashlashga uringanlikda gumon qilingan yangi ayblanuvchi paydo bo‘ldi. 

Foto: Evan Vucci/AP Photo

AQSh prokuraturasi sobiq prezident Donald Trampga nisbatan maxfiy hujjatlar bilan noto‘g‘ri muomala qilganlik uchun qo‘zg‘atilgan jinoiy ishni kengaytirdi va yana uchta bandni qo‘shdi. Bu haqda 28 iyul, juma kuni Amerika OAV ayblov matniga tayanib xabar berdi

Oq uyning sobiq rahbari endi qo‘shimcha ravishda «mudofaa ma’lumotlarini noqonuniy saqlash»da hamda 2022 yil yozida videokuzatuv kameralari tasvirlarini o‘chirishga urinishda ayblanmoqda, deb yozadi CNN. 

Reuters xabariga ko‘ra, maxsus prokuror Jyek Smit Tramp Nyu-Jyersidagi golf klubida suhbat chog‘ida nomi noma’lum mamlakatga qandaydir «hujum rejasi» haqida maqtanganiga e’tibor qaratgan. Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, gap o‘sha paytda xonada bo‘lganlarning hech biri bilish huquqiga ega bo‘lmagan maxfiy hujjat haqida ketgan. 

Bundan tashqari, prokurorlar Floridadagi Tramp mulki ishchilaridan biri Karlos De Oliveyraga qarshi ayblovlar qo‘ygan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u ushbu materiallarni qaytarmoqchi bo‘lgan mansabdor shaxslardan maxfiy hujjatlarni yashirishga yordam bergan. The New York Times nashrining yozishicha, erkak videokuzatuv kamerasi tasvirlarini olib tashlashga urinishda gumon qilinmoqda. 

Mavzuga oid