09:45 / 31.07.2023
4176

Buxoroda Italiya universiteti kampusi ochilishi rejalashtirilyapti

O‘zbekiston elchixonasi xodimlari Italiya parlamentidagi «Italiya-Markaziy Osiyo» guruhining yangi tayinlangan a’zolari bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo AA

Unda «Italiya-Markaziy Osiyo» parlament guruhi raisi Fabritsio Bensoni, bosh kotib Roberto Sorbello, guruh a’zolari Janjakomo Kalovini, Paolo Formentini, Fabio Petrella, Piyero Fassini, Ettore Rozato va boshqa deputatlar qatnashdi.

Deputatlar e’tibori joriy yil 8-9 iyun kunlari Italiyaga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif doirasida prezident Shavkat Mirziyoyev va Italiya bosh vaziri Jorja Meloni tomonidan ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha qabul qilingan deklaratsiyaga qaratildi.

«Ushbu hujjatning G‘arbiy Yevropa davlatlari orasidan birinchi bo‘lib aynan Italiya bilan imzolanishi har ikki mamlakat uchun muhim ahamiyat kasb etadi», dedi O‘zbekiston elchisi.

Diplomat ta’lim sohasidagi ikki tomonlama aloqalarga ham to‘xtalar ekan, Turin politexnika universiteti va Piza universitetining Toshkentda muvafaqqiyatli faoliyat yuritayotganini ta’kidladi. Kampania Luiji Vanvitelli universitetining Buxoroda kampusi ochilishi rejalashtirilayotgani ham ma’lum qilindi. 

Uchrashuv yakunida joriy yil sentabr oyida Oliy Majlis palatalarida tashkil etilgan Italiya bilan hamkorlik va do‘stlik guruhlari hamda «Italiya-Markaziy Osiyo» guruhi o‘rtasida videokonferensiya shaklida uchrashuv tashkil etishga kelishib olindi.

Top