O‘zbekiston | 16:34 / 01.08.2023
9829
4 daqiqa o‘qiladi

Jiddiy YTHlar sonini 2030 yilgacha 1,5 barobarga kamaytirish reja qilinmoqda

Xususan, bu boradagi o‘ta salbiy ko‘rsatkichni 2024 yilda 10 foizga pasaytirish mo‘ljal qilingan. 2023 yilning 1-yarmida YTHlardagi o‘limlar soni 11 foizga oshgan, vaholanki, yil boshida bu ko‘rsatkichni 15 foizga tushirish maqsad qilingandi.

Foto: Jizzax viloyati FVB

O‘zbekistonda jiddiy oqibatlar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalari sonini 2030 yilgacha kamida 50 foizga kamaytirish rejalashtirilmoqda. Bu – muhokama uchun e’lon qilingan O‘zbekiston–2030 strategiyasi loyihasida ko‘rsatilgan.

Strategiyani 2023 yilda amalga oshirish choralari to‘g‘risidagi qaror loyihasiga ko‘ra, 2024 yilda jiddiy oqibatlar bilan bog‘liq YTHlar sonini 10 foizga kamaytirish ko‘zda tutilgan.

Loyihalardan 2023 yil uchun maqsadli ko‘rsatkich o‘rin olmagan. Fevral oyida Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati o‘z oldiga 2023 yilda YTHlar va ulardagi o‘limlar sonini 15 foizga kamaytirishni maqsad qilib qo‘ygan edi. Lekin amalda buning aksi kuzatilmoqda.

28 iyul kuni prezident o‘tkazgan yig‘ilishda aytilgan raqamlarga ko‘ra, yilning 1-yarmida 4 mingga yaqin avtoavariyalar sodir etilib, ularda 873 kishi halok bo‘lgan, 3,5 mingdan ortiq odam jarohatlangan.

Bu – o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan sezilarli yuqori. 2022 yilning 1-yarmida qayd etilgan 355 ta YTHda 784 kishi halok bo‘lib, 2775 kishi jarohat olgandi.

O‘tgan haftadagi yig‘ilishda prezident IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Olim Saidovga hayfsan berdi. Jizzax, Surxondaryo va Xorazm viloyatlari YHXB boshliqlari lavozimidan olindi.

O‘zbekiston-2030 strategiyasi loyihasida, shuningdek, 7 yil ichida ikki va undan ortiq polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash ham ko‘zda tutilgan.

Bu borada ham 2023 yil uchun ko‘rsatkichlar belgilanmagan. 2024 yilda esa ikki va undan ortiq polosali tartibga solinmagan piyodalar o‘tish joylarining svetofor bilan jihozlanganlik darajasini 50 foizgacha yetkazish reja qilinyapti.

Strategiyaga ko‘ra, avtomobil yo‘llarini qurish va boshqarish xususiy sektorga o‘tkaziladi. Bu boradagi “yo‘l xaritasi”ni 2023 yil sentabrgacha ishlab chiqish ko‘zda tutilyapti.

Xususiy sektor ishtirokida 2030 yilgacha 56 ming km yo‘lni rekonstruksiya qilish maqsadi ham belgilangan. Shundan, 2023 yilda 8 ming, 2024 yilda 9 ming km yo‘l qayta qurilishi mumkin.

7 yil davomida tuman markazlaridan har bir qishloq aholi punktlarigacha jami 5,5 ming km sement-beton qoplamali yo‘llar qurish rejasi bor. Bu bo‘yicha 2023-2024 yillarga maqsadli ko‘rsatkichlar aniq emas. Bu yo‘llarning qurilish-smeta hujjatlari shu yil oxirigacha tayyor bo‘lishi mumkin.

Pulli avtomobil yo‘llarini qurish va ulardan foydalanishning huquqiy asoslarini belgilash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqiladi. Dastlabki pulli yo‘llar Toshkent–Samarqand va Toshkent–Andijon yo‘nalishida bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Bu loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni 2023 yil noyabrda yakunlash reja qilingan.

Xalqaro ahamiyatga ega avtomagistral yo‘llarni mobil internet bilan ta’minlash darajasini 90 foizga yetkazish ham mo‘ljal qilinyapti. Bu borada 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan reja oktyabr oyida tayyor bo‘lishi kerak.

Mavzuga oid