O‘zbekiston | 13:29 / 04.08.2023
6158
3 daqiqa o‘qiladi

Advokatlik sohasida litsenziyani olish tartibi soddalashtirilmoqda

Senatorlar tomonidan «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartirish kiritish nazarda tutilgan qonun ma’qullandi. Unga ko‘ra, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun kamida 2 yillik ish stajiga ega bo‘lish to‘g‘risidagi talab bekor qilinmoqda.

Foto: Senat.uz

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “Advokatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 31-moddasiga o‘zgartirish kiritish haqida»gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha, keyingi yillarda mamlakatda advokatura institutining va advokatlarning mustaqilligini ta’minlashga, sud ishini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuv prinsipi asosida ishlarni tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilgan, advokatlarning o‘z professional faoliyatini amalga oshirishi uchun zarur qonunchilik bazasi yaratilgan.

Shu bilan birga, advokaturaga ishga qabul qilish tartib-taomilini yanada soddalashtirish, shuningdek, advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish tartibini soddalashtirish zarurati yuzaga kelmoqda.

Bugungi kunda respublikada 4 625 nafar advokat faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, shundan 30 yoshgacha bo‘lganlar soni atigi 51 nafarni tashkil qilmoqda. Shu bois advokatura sohasiga yosh kadrlarni jalb qilish jarayonlarini soddalashtirish zarurati mavjud.

Qonun bilan advokatlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga doir litsenziyani olish uchun imtihon topshirishga talabgor shaxsning yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida ikki yillik ish stajiga ega bo‘lishi to‘g‘risidagi talab bekor qilinyapti.

“Ushbu qonun ma’no-mohiyatiga ko‘ra to‘laligicha inson qadri tamoyiliga xizmat qiladi. Zero fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini malakali himoya qilishda advokaturaning o‘rni nihoyatda katta.

Yaqinda senatorlarimiz “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi Qonunni ma’qulladi va u sentabr oyidan kuchga kirishi belgilandi. Bu qonun ko‘proq aholining ehtiyojmand qatlamiga malakali yuridik yordam ko‘rsatilishini kafolatlaydi. Ushbu qonun to‘laqonli ishlashi uchun esa birinchi navbatda malakali advokatlar zarur.

Bundan tashqari, yurtimizda tadbirkorlar soni kun sayin oshib boryapti. Tabiiyki, iqtisodiy-shartnomaviy munosabatlar ham jadallashmoqda. Bunday sharoitda malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan ehtiyoj faqat oshib boradi.

Biroq shu bilan birga advokatura instituti jamiyatimizda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lishi yo‘lida hali talay muammolarimiz bor.

“Advokatura to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishning muhimligi ham shunda. Sodda qilib aytganda, jiddiy to‘siqlardan biri olib tashlanyapti. O‘ylaymizki, mutasaddi vazirlik, idoralar, birinchi navbatda Adliya vazirligi mazkur norma kutilgan samarani berishi uchun jiddiy harakat qiladilar”, deya ta’kidlagan Senat raisi Tanzila Norboyeva qonun muhokamasida.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Руслан Сабуров
Tayyorlagan Руслан Сабуров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid