Jahon | 09:50 / 04.08.2023
6579
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha Belarus bilan chegaraga jangovar vertolyotlar yubordi

Polsha Belarus chegarasi yaqinidagi Podlyaskoye voyevodligiga jangovar vertolyotlarni joylashtirdi, deb xabar bermoqda Polshaning tvp.info telekanali o‘z saytida. 

Foto: report.az

Gap 1-aviatsiya brigadasi va 25-havo kavaleriya brigadasining jangovar vertolyotlarini qayta guruhlash haqida ketayotgani ko‘rsatilgan. 

Polsha Qurolli kuchlari bosh qo‘mondonligi qo‘mondoni birinchi o‘rinbosari general Marek Sokolovskiy Polsha mudofaa vaziri Mariush Blashak bilan bo‘lib o‘tgan brifingda aytishicha, vertolyotlar «tezkor javob rejimida» joylashtiriladi.

Polshaning Belarus bilan chegarasini mustahkamlash to‘g‘risidagi qarori, Varshava ma’lumotlariga ko‘ra, 1 avgust kuni Belarusning ikkita vertolyoti Beloveji aholi punkti yaqinida Polsha havo hududini buzib kirganidan keyin qabul qilingan. 

Polsha Mudofaa vazirligi Belarus vertolyotlari tomonidan Polsha havo hududining buzilishini Polsha va NATO sharqiy qanotiga qarshi ataylab qilingan provokatsiya sifatida baholadi. 

«Bu o‘ta xavfli. Agar shunday vaziyatlar davom etaversa va keskinlik kuchaysa, unda potensial tahdidga munosabatimiz mutanosib bo‘ladi», - deya ogohlantirdi Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari Voysex Skurkevich 2 avgust kuni Polsha radiosiga bergan intervyusida.

Varshavadagi harbiy idora 1 avgust oqshomida sinchkovlik bilan tekshirilgandan so‘ng, qo‘shni Belarusdan kelgan jangovar vertolyotlar o‘sha kuni ertalab Polsha havo hududi orqali Beloveji viloyatidan o‘tganini tasdiqladi. Polsha bu voqea haqida NATOni xabardor qildi va Belarus bilan chegaraga qo‘shimcha qo‘shin yuborishga qaror qildi. 

Belarus Mudofaa vazirligi Polsha havo hududini buzish bo‘yicha ayblovlarni rad etdi. 

Mavzuga oid