O‘zbekiston | 11:12 / 07.08.2023
21816
2 daqiqa o‘qiladi

Saudiya O‘zbekiston fuqarolari uchun elektron viza olish imkonini ochdi

Endi o‘zbekistonliklar maxsus portal orqali onlayn viza olishi mumkin. Ko‘p martalik bu viza yil davomida Umra qilish hamda podshohlik bo‘ylab sayohat qilish imkonini beradi. Elektron viza – Haj qilish, Saudiya Arabistonida yashash hamda ishlash huquqini bermaydi.

Foto: Kun.uz

Saudiya Arabistoni yana 8 ta davlat fuqarolari uchun podshohlikka kirish vizasini elektron viza portali orqali olish imkoniyatini ochdi. Ushbu davlatlar fuqarolari, shuningdek vizani Saudiya portlari yoki chegaralarida ham olishi mumkin. 

Podshohlik turizm vazirligining ma’lum qilishicha, vizalar berishni kengaytirish maqsadida ochilgan ushbu tizimdan endilikda jami 57 ta davlat fuqarolari foydalana oladi. Ushbu mamlakatlar qatoriga Albaniya, Maldiv orollari, Ozarbayjon, Gruziya, Janubiy Afrika, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston ham qo‘shildi.

Bu davlatlar fuqarolari vizani Saudiya Arabistoniga kirish aeroportlari va portlaridagi chegaralariga kelganda ham rasmiylashtirib olishi mumkin.

Bunga qadar MDH mamlakatlaridan faqat Rossiya, Ukraina va Qozog‘iston fuqarolarida shunday imkoniyat bor edi.

Saudiya Arabistoni E-visa'si bir yillik, ko‘p martalik kirish vizasi bo‘lib, sayyohlarga mamlakatda 90 kungacha bo‘lish imkonini beradi.

Sayyohlik vizasi bilan turli tadbirlar, sayohat va dam olish, oila va qarindoshlar bilan mehmon sifatida tashrifi, shuningdek Umra ziyoratini amalga oshirish mumkin.

Ushbu viza bilan Haj ziyorati qilish mumkin emas. Shuningdek, elektron viza podshohlikda ishlash hamda yashash huquqini bermaydi. Elektron viza muddati tugagach, uni yangi muddatga rasmiylashtirish mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, viza narxi: onlayn olinsa 535 riyol (142 dollar), chegarada olinsa 480 riyol (126 dollar).

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2023 yil 1 yanvardan boshlab Saudiya Arabistoni fuqarolari uchun qaytish yoki uchinchi davlatga jo‘nab ketish chiptalarini taqdim etgan holda 30 kunlik muddatga vizasiz rejim joriy etgan edi.

Mavzuga oid