17:22 / 08.08.2023
16130

«So‘roq» – vijdon so‘rog‘ini tinglashga chorlovchi asar

Bilib-bilmay xatolarga yo‘l qo‘yamiz, kimnidir nohaq ayblaymiz, kimgadir ozor beramiz, haqini yeymiz. Nazdimizda xato deb bilgan ishimizni sodir etgach dilimizda nimadir tug‘yon qiladi, orom bermay g‘imirlaydi. Bu g‘imirlashni kimdir sezadi, kimdir tabiiy holatga yo‘yadi, kimdir esa ahamiyat bermay qo‘yaqoladi. 

Inson borki, xato qiladi. Muhimi esa shu xatoni tushunib yetish, qilgan ishimizning xato ekanini idrok etishdir. Xo‘sh, buni qanday anglashimiz mumkin? Albatta, vijdon orqali. O‘sha ko‘ksimizda g‘imirlagan narsa ham vijdon aslida. Agar u bo‘lmasa, g‘imirlab turmasa, insonning insonligi qolarmidi?

Yozuvchi Xurshid Do‘stmuhammad o‘zining «So‘roq» nomli qissasi orqali o‘quvchilarga aynan vijdon nima ekanini, u egasini so‘roqqa tutgan payt qanday holatga tushishimizni, so‘roqdan muvaffaqiyatli o‘tishimiz uchun esa qanday yashashimiz lozimligini tushuntirmoqchi bo‘ladi.

Syujyet:

Asarning bosh qahramoni Bozorboy. U oddiy traktorchi. Yaqinda Shabnam ismli qizga uylangan. To‘y sabab shunchalar qarzga botadiki, hozirgi topishi bilan qarzlarini 7 yilda uzishi mumkin edi, xolos. Shu sabab paxta zavodida tuzukroq amaldagi Aminvoydan iltimos qilib, yukchilikka tayinlanadi. Shabnam homilador bo‘ladi. Ammo oy-kuni yetsa hamki, ha deganda tug‘avermaydi. Bola 12 oyga qarab o‘tib ketadi. 

Bozorboy horib-tolib kechasi ishdan qaytardi. Bir kun darvozasidan kiray deganda tepadan nur tushadi. Nurdan esa odamsimon maxluqlar chiqib kelishadi. Bozorboydan hol-ahvol so‘rashadi. Turli savollar berishadi. Nurni ko‘rgan qo‘shnilar shu tomonga kelishayotganini ko‘rgan maxluqlar ketishga majbur bo‘lishadi.

Ertasiga Paxtaqaynar qishlog‘ida shov-shuv tarqaladi. Bozorboy mashhur bo‘lib ketadi. Hamma undan voqeani batafsil hikoya qilishini istardi. Bozorboy ham bundan erinmasdi. 

Bir kun Bozorboy paxta zavodida ekanida maxluqlar yana kelib, so‘roq qilishni boshlaydi. Bu jarayonga tasodifan 12 farzandli Narziqul amaki ham aralashib qoladi. Bozorboyning yoniga kelgan amakiniyam so‘roqqa tutib ketishadi. Azbaroyi qo‘rqqan Narziqul amaki kasalxonaga tushib qoladi. Odamlar orasida, ayniqsa, rahbarlar ichida vahima ko‘tarilib ketadi. Chunki maxluqlar endi rahbarlarniyam savolga tutishayotgandi-da.

Kelgindilar qo‘shni qishloqqa uy qurib, joylashib olganligi, har bir odamni so‘roqdan o‘tkazayotgani haqida mish-mish urchiydi. Vahima, qo‘rquv shu darajaga yetadiki, rahbarlar tamoman dovdirab qoladi. Ba’zilari joniga qasd qila boshlaydi. Birgina Bozorboy negadir qo‘rqmas, hayiqmas, hatto kelgindilar unga bir qadar yaqin bo‘lib qolgandek edi. U faqat farzandi tug‘ilmayotganidan xavfsirardi.

Atrofiga nazar tashlab fikr qilgan Bozorboy eng to‘g‘ri xulosaga keladi: agar inson o‘zini o‘zi tergab yashasa, o‘zi bergan savollarga javob berolsa, kelgindilardan qo‘rqmasa ham bo‘ladi. Beradigan savollarga javob beroladigan darajada to‘g‘ri yashasa, xotirjam bo‘la oladi. Tug‘ilajak farzandlar ham xotirjam tug‘iladi. O‘zi bilan o‘zi so‘roq-savol qilolmagan inson boshqasining savolidan yurak yorilgudek darajada qo‘rqaveradi. Tug‘ilajak farzandi ham qo‘rqoqlar ichiga tushgisi yo‘q. Tushgudek bo‘lsa, tinch muhitda, qo‘rqmas bo‘lib tug‘ilishi, umri davomida savollar ila o‘zini taftish qilib yashashni o‘rganishi lozim…

Tahlil:

Uchar likopchada kelgan o‘zga sayyoraliklarni ko‘p eshitganmiz. Yozuvchi aynan shu motiv orqali asarda vijdon tergovchilari obrazini shakllantirgan. Odamsifat maxluqlar kelib, odamlarning vijdonini tergayotgandi. Qishloq ahlidan tortib, rahbarlargacha shu sababdan ham qo‘rqib ketadi. 

Inson bilib-bilmay xatolarga yo‘l qo‘yadi. Agar butun hayotimizning lahzasigacha videoga olinib, jamoa oldida ko‘rish kerak bo‘lsa ko‘rolmasdik. Har kimning o‘ziga yarasha hech kimga ayon bo‘lmagan sirlari mavjud.

Masalan, asardagi rahbarlardan tortib Narziqul amakigacha bo‘lgan odamlarning zavodda amalga oshiradigan qing‘ir ishlari bor edi. Rahmatov, Davlatov, Aminboy singari kimsalar qursog‘i yo‘lida bunday chirkin ishlarni qilsa, Narziqullar esa noilojlikdan aralashib yurardi. Ammo Narziqul kabi «kichik odamcha»larning vijdoni qotib ulgurmagan edi. Shu sababdan ham u boshqalardan ko‘proq qo‘rquvga tushib, aqldan ozay degandi. Chunki undaylarning asl fitrati toza bo‘ladi. Nopok ishlarning zarrasida undaylarni dahshatga soladi.

Hali unday nopokliklarga aralashib ulgurmagan, sofligi yo‘qolmagan, sodda Bozorboygina maxluqlardan qo‘rqmaydi. Boshqalarning vahimasidan ham hayron bo‘ladi. Chunki uning vijdoni toza, birov bilishidan qo‘rqadigan hech qanday siri yo‘q edi. Xayratlana-xayratlana tushunadiki, hamma ham o‘zi singari pok emas ekan. Har kimning bir-biridan yashirgan siri, qo‘l urgan nopokliklari bor ekan.

Bundan tashqari, asarda xalqimizning to‘y-hashamga ortiqcha mablag‘ sarf qilib, qarzga botib qolishi, qarzdan qutulaman deb vijdoniga xilof ish tutib qo‘yishi Narziqul va Bozorboy timsolida ko‘rsatib berilgan. Traktorchi holatida qarzlarini 7 yil davomida uzoladigan darajaga chiqish uchun odam qanday to‘y qilishi kerak? Narziqul amaki o‘g‘il uylab, qiz chiqaradigan edi. Albatta, unga ham mablag‘ zarur. Oddiy oylikka to‘y qilib bo‘larmidi…

Agar umri davomida inson bosgan qadamini sarhisob qilsa, doimiy taftish etsa, to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishmaydi. To‘g‘ri yo‘ldagi kimsalar esa katta xatolarga yo‘l qo‘ymaydi. Unday kishilar ketidan kimdir kelib tekshirgudek bo‘lsa xotirjamligi buzilmaydi. Chunki uning tashqi savollarga beradigan javoblari aniq. 

Eng og‘ir jang o‘zing bilan bo‘ladigan jang, eng og‘ir tergov o‘zing bilan qilinadigan tergov. Boshqasidan nimalarnidir yashirib qolishing mumkindir, ammo o‘zingdan yashirolmaysan, o‘zingdan qocholmaysan.

Oddiy aholi mayli, ammo aholi boshida turgan «kattalar» o‘z-o‘zini taftish qilsa, vijdoni bilan «so‘zlashib» tursa, yurt obod, chin ma’noda kelajak porloq bo‘lgan bo‘lardi…

Gulasal Qodirova, kitobxon

Mavzu
Mutolaa zavqi
Kitob mutolaasi inson ruhiyatida ajib hissiyot, o‘zgacha quvvat va ichki xotirjamlik beradi. Bu sahifadagi maqolalar sizni ana shunday mutolaa zavqini his qilishga undaydi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top