Jahon | 08:29 / 09.08.2023
12606
2 daqiqa o‘qiladi

Erdo‘g‘an: «G‘alla bitimi»ning qayta tiklanishi G‘arbga bog‘liq

Turkiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, agar G‘arb o‘z majburiyatlariga amal qilsa, Qora dengiz g‘alla tashabbusi yana tiklanishi mumkin.

Foto: AA

Qora dengiz g‘alla tashabbusining taqdiri G‘arbga bog‘liq. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 8 avgust, seshanba kuni Turkiya elchilarining Anqaradagi yillik konferensiyasida aytdi. Urush davrida Qora dengiz portlari orqali Ukraina donini eksport qilishga ruxsat bergan «don kelishuvi»ning qayta tiklanishi «bu va’dalarni bajarishi kerak bo‘lgan G‘arb davlatlariga bog‘liq», deya Turkiya rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltiradi AFP axborot agentligi.

Shu bilan birga, Erdo‘g‘an G‘arbni «Qora dengiz g‘alla tashabbusi yaratgan ijobiy muhitni o‘t ochishni to‘xtatishga, keyinchalik esa uzoq muddatli sulhga aylantirishga imkon beradigan» choralar ko‘rmagani uchun qoraladi. 

Ayni vaqtda, Turkiya davlati rahbari o‘z mamlakatining pozitsiyasi «aniq» ekanini ta’kidladi. Agar urush Qora dengizga tarqalib ketsa, bu butun mintaqa uchun falokat bo‘ladi, dedi Erdo‘g‘an. Biroq, «yechim» topish mumkin, deya qo‘shimcha qildi u Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqinda bo‘lgan telefon suhbatiga ishora qilib. Bu suhbat chog‘ida aytilgan «Moskva talablari» inobatga olindi, dedi Erdo‘g‘an boshqa tafsilotlarni ochiqlamasdan. 

«G‘alla bitimi» bekor qilinishidan oldin, Moskva kelishuvning Rossiya o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha qismi bajarilmayotganidan bir necha bor noroziligini bildirgan. Shu bilan birga, Kreml G‘arbni tanqid qildi, uning kuzatuvlariga ko‘ra, Ukraina donining katta qismi ochlikdan aziyat chekayotgan mamlakatlarga yuborilmaydi, balki G‘arb bozorlarida qolmoqda. 

Mavzuga oid